FIFA kengashi a’zolari tashkilot prezidenti Janni Infantinoga nisbatan kuchayib borayotgan noroziliklar fonida navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazilishiga erishmoqchi, deb yozmoqda The Guardian.
Yig‘ilish o‘tkazilishi uchun kengashning 37 a’zosidan 19 nafarining qo‘llab-quvvatlovi zarur. Nashrning yozishicha, jahon chempionatining tijorat huquqlaridagi ulushini sotish bo‘yicha mojaro kelib chiqquniga qadar Infantinodan norozilar soni o‘ndan ortiq edi.
Ular jahon chempionati vaqtida Folarin Baloganning diskvalifikatsiyasi bekor qilinishi bo‘yicha mustaqil tekshiruv o‘tkazilishini talab qilishayotandi.
Infantinoning jahon chempionati huquqlarining bir qismini sotish rejasi oshkor bo‘lganidan keyin esa noroziliklar yanada kuchaydi.
Agarda Infantino mustaqil tekshiruv olib borilishiga ruxsat bermaydigan bo‘lsa, kengashning ayrim a’zolari uning iste’fosini talab qilishi mumkin.
Kengashning navbatdagi yig‘ilishi noyabrda o‘tkaziladi. Favqulodda yig‘ilish va Infantinoga ishonchsizlik bildirish bo‘yicha ovoz berish o‘tkazilishi uchun 43ta milliy assotsiatsiyaning murojaati talab qilinadi.
Avvalroq UYeFA Infantinoning iste’fosini talab qilayotgani xabar qilingandi.











