Kasbiy ta’lim tashkilotlariga 11-sinf negizida boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus kasbiy ta’lim dasturlari bo‘yicha hujjatlar onlayn tarzda qabul qilinadi.
Tibbiyot texnikumlarining kechki va dual ta’lim shakllari, shuningdek, xalqaro ta’lim dasturlariga ham arizalar 10 sentyabrga qadar my.edu.uz platformasi orqali topshiriladi.
Tibbiyot texnikumlarining kunduzgi shaklidagi mahalliy ta’lim dasturlariga kirish istagida bo‘lgan abituriyentlar esa OTMlarga tanlov natijalari e’lon qilingan kundan boshlab 10 kun davomida tegishli mutaxassislik va ta’lim tilini tanlab, tanlovda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tadi.
Boshqa texnikumlarga kirish sinovlari yozma imtihon shaklida o‘tkaziladi.
2026-2027 o‘quv yili uchun 641 ta texnikumga jami 134 960 ta qabul o‘rni ajratilgan. Shundan 61 550 tasi davlat granti hisoblanadi.
Kunduzgi ta’lim shakli uchun 87 700 ta o‘rin ajratilgan bo‘lib, ularning 39 390 tasi davlat grantidir. Kechki ta’lim uchun 4 440 ta, dual ta’lim uchun esa 42 820 ta o‘rin belgilangan. Dual ta’limdagi o‘rinlarning 22 160 tasi davlat granti asosida.
Texnikumlar ro‘yxati bilan kasbedu.uz sayti orqali tanishish mumkin.











