Hujjatga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida “yashil” texnikumlar tashkil etiladi. Shuningdek, Toshkent shahrida ham alohida “yashil” texnikum faoliyat yuritadi.
Buyruqqa ko‘ra, mazkur texnikumlar Kasbiy ta’lim agentligi tizimiga o‘tkazish orqali qayta tashkil etiladi. Ayrim ta’lim muassasalari nomi o‘zgartirilgan bo‘lsa, Navoiy viloyatining Karmana tumanida yangi “yashil” texnikum tashkil etish ham belgilangan.
Mazkur tashabbus Prezidentning kasbiy ta’lim tizimi samaradorligini oshirish hamda “Eko-madaniyat” umummilliy loyihasi doirasida ekologik ta’lim, ilm-fan va targ‘ibotni kuchaytirishga qaratilgan qarorlari asosida amalga oshirilmoqda.
Mutaxassislar fikricha, “yashil” texnikumlar ekologiya, qayta tiklanuvchi energiya, atrof-muhit muhofazasi, resurs tejamkor texnologiyalar va “yashil” iqtisodiyot sohalari uchun zamonaviy kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi. Bu esa mamlakatda ekologik madaniyatni oshirish va barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.











