O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ostona shahrida “Kelajak o‘yinlari” uchinchi xalqaro musobaqasining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi.

President Mirziyoyev attends opening ceremony of Future Games in Astana

“Baris Arena” muz saroyida o‘tkazilgan tadbirda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon va boshqa xorijiy mehmonlar ham qatnashdi.

Marosim ishtirokchilariga Rossiya prezidenti Vladimir Putin videomurojaat yo‘lladi.

Tadbirning tantanali qismida fijital sportning mazmun-mohiyati, ya’ni raqamli bellashuvlarni an’anaviy sport turlari hamda jismoniy faollik bilan birlashtiruvchi yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi. Musobaqaning g‘oyasi yoshlarni an’anaviy sport bilan shug‘ullanishga da’vat etishdir.

O‘zbekiston rahbari xalqaro turnir ishtirokchilarini qutladi.

Bugun sport va texnologiyalar vazirlari, diplomatik missiyalar rahbarlari hamda boshqa yuqori martabali vakillar ishtirokida fijital sport bo‘yicha sammit ham bo‘lib o‘tdi.

Birinchi “Kelajak o‘yinlari” 2024 yilda Qozon shahrida o‘tkazilgan. Uning ochilish marosimida Shavkat Mirziyoyev ishtirok etgan edi. Ikkinchi turnir esa 2025 yilda Abu-Dabi shahrida bo‘lib o‘tdi.

Bu galgi musobaqalarda O‘zbekiston vakillari fijital futbol, lazertag va raqs yo‘nalishlari bo‘yicha bellashadi.