10–16-avgust kunlari qishloq xo‘jaligi uchun yana yuqori harorat va quruq ob-havo foni hukm suradi. Ayrim hududlarda +41…+43 darajagacha ko‘tariladigan issiqlik tuproqdagi namlikning tez kamayishi, sug‘orishga bo‘lgan talabning ortishi va ekinlar uchun fiziologik stressning kuchayishiga olib kelishi mumkin.

Hafta oxirida haroratning biroz pasayishi esa dalalar uchun qisqa muddatli yengillik yaratadi.
Haftaning birinchi yarmida shakllanadigan kuchli va quruq issiqlik avvalo suv iste’molini oshiradi. Tuproq bug‘lanishining kuchayishi sug‘oriladigan maydonlarda namlik zaxirasining tez kamayishiga, ayniqsa, yuzaga yaqin ildiz tizimiga ega ekinlarda suv tanqisligi stressining kuchayishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shuningdek, kuchli shamol kuzatiladigan hududlarda tuproqning qurishi va changlanishi kuchayadi.

Ayni paytda paxta, sabzavot, poliz va bog‘larda suv ta’minotini nazorat qilish, sug‘orish muddatlarini o‘simlikning fiziologik ehtiyojiga moslashtirish muhim. Kunning eng issiq soatlarida dala ishlarini cheklash nafaqat ekinlar, balki qishloq xo‘jaligi xodimlarining salomatligi uchun ham zarur.

Hafta oxirida haroratning biroz pasayishi ekinlar uchun issiqlik stressini yumshatadi. Biroq yog‘ingarchilik bo‘lmasa bu sovishni tuproq namligi tiklanishi bilan tenglashtirib bo‘lmaydi. Shuning uchun hafta davomida qishloq xo‘jaligi uchun asosiy muammo issiqlikdan ko‘ra, o‘simliklardagi suvga bo‘lgan talabini tez qondirish bo‘ladi.