Navoiy shahri hokimligi «Hayot» mahallasida amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlari haqidagi suratlarda sun’iy intellekt texnologiyasidan foydalanilganini tan oldi va uzr so‘radi.
Ma’lum qilinishicha, ijtimoiy tarmoqlarga materiallarni tayyorlash va joylashtirish jarayonida mas’ul xodimlar tomonidan «e’tiborsizlikka yo‘l qo‘yilgan». Mahalla hududidagi o‘zgarishlarni «ko‘rgazmali va sifatliroq formatda» taqdim etish maqsadida dizayn jarayonida sun’iy intellekt elementlaridan foydalanilgan hamda ushbu materiallar tekshiruvdan o‘tkazilmasdan e’lon qilingan.
Hokimlik ushbu holat va jamoatchilikning o‘rinli e’tirozlari uchun uzr so‘rab, materiallarni tayyorlashga mas’ul bo‘lgan xodimlar ogohlantirilganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, «Hayot» mahallasida aholi turmush sharoitini yaxshilash borasida haqiqatda ham qator amaliy ishlar bajarilgan. Natijalar sun’iy emasligi, balki real ekanini ko‘rsatish maqsadida rasmiy munosabatga hududning bugungi kundagi haqiqiy (ishlov berilmagan) foto va video lavhalari ilova qilingan.
Navoiy shahrining «Hayot» mahallasida olib borilayotgan ishlar haqidagi fotohisobot 2-avgust kuni hokimlik tomonidan e’lon qilindi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari suratlardagi ayrim detallar sun’iy intellekt texnologiyasi yordamida o‘zgartirilgan bo‘lishi mumkinligiga e’tibor qaratdi. Jumladan, eskirgan devor, ko‘chgan suvoq va qarovsiz hududlar deyarli ideal darajada yangilangan. Suratlar sun’iy intellekt yordamida maxsus servisda tekshirilganda ishlov berilganlik belgilari aniqlangan edi.











