O‘zbekistonda 2025-yil davomida korrupsiya sabab 7517 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bu haqda 8-avgust kuni bo‘lib o‘tgan Senat yalpi majlisida senator Abduhakim Eshmurodov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, yil davomida korrupsiyaga oid jinoyatlar ortidan davlat manfaatlariga 2,9 trillion so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan.
Senatorning ma’lumotlariga ko‘ra, eng ko‘p korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslar Andijon (946 nafar), Toshkent (793 nafar), Qashqadaryo (745 nafar), Samarqand (709 nafar) va Namangan (509 nafar) viloyatlarida aniqlangan.
Sohalar kesimida esa bu ko‘rsatkich maktabgacha va maktab ta’limi (580 nafar), mahalliy hokimliklar (497 nafar), sog‘liqni saqlash tashkilotlari (404 nafar), tijorat banklari (245 nafar) hamda oliy ta’lim muassasalarida (161 nafar) ko‘p uchragan.










