27 iyuldan 2 avgustgacha respublikaning deyarli barcha hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo haroratining bosqichma-bosqich +40…+45 darajagacha ko‘tarilishi tuproqdan namlikning tez bug‘lanishiga, sug‘orish samaradorligining pasayishiga va o‘simliklarda issiqlik stressining kuchayishiga olib keladi. Paxta, sabzavot va bog‘dorchilik ekinlarini kunduzgi sug‘orishdan voz kechib, uni tungi yoki ertalabki soatlarga ko‘chirish maqsadga muvofiq. Chorvani kunning eng issiq paytida soya joylarda saqlash, ichimlik suvi zaxirasini ko‘paytirish va shamolli hududlarda tuproq namligini saqlash choralarini kuchaytirish tavsiya etiladi. Hafta oxiridagi kuchli issiqlik ayrim hududlarda hosil sifati va mehnat unumdorligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.