Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibixa 22 iyul kuni X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilgan bayonotida mamlakat Qora dengizdagi fuqarolik kemalariga Rossiya tomonidan amalga oshirilayotgan hujumlar munosabati bilan BMT Xavfsizlik kengashining navbatdan tashqari yig‘inini chaqirish bo‘yicha rasmiy murojaat yo‘llaganini ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, Rossiya Qora dengizdagi savdo yo‘laklarini nishonga olish orqali «iqtisodiy va humanitar terror» olib bormoqda hamda jahon oziq-ovqat bozori barqarorligiga xavf tug‘dirmoqda.

Sibixaga ko‘ra, agar bunday hujumlar davom etsa, Afrika, Osiyo, Yaqin Sharq va Lotin Amerikasida millionlab oilalar oziq-ovqat narxlarining keskin oshishi va ocharchilik xavfiga duch kelishi mumkin.

Germaniya va Estoniya bilan muzokaralar

Ukraina tashqi ishlar vaziri 22 iyul kuni Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxan Vadeful bilan telefon orqali muloqot qilganini ham ma’lum qildi.

Tomonlar Qora dengizda tez o‘zgarayotgan xavfsizlik vaziyatini muhokama qilib, dengizda erkin navigatsiyani tiklash, xavfsizlikni mustahkamlash hamda xalqaro hamjamiyatning qat’iy javobini ta’minlash bo‘yicha harakatlarni muvofiqlashtirishga kelishib olgan.

Muzokaralarda Ukraina havo mudofaasi imkoniyatlarini kuchaytirish, mudofaa sanoati sohasidagi hamkorlikni kengaytirish hamda mamlakatni tiklash va Yevropa xavfsizligini mustahkamlash masalalari ham ko‘rib chiqilgan.

Shu kuni Sibixa Estoniya tashqi ishlar vaziri Margus Tsaxkna bilan ham telefon orqali suhbat o‘tkazib, shu kabi masalalarni muhokama qildi.

Kiyev: Dengiz koridori ishlashda davom etmoqda

Ukraina tomonining ma’lum qilishicha, so‘nggi kunlarda Rossiya kamida uchta fuqarolik yuk kemasiga hujum qilgan.

Shu bilan birga, Ukraina Tiklanish, infratuzilma va transport vazirligi «Chernomorsk» dengiz porti hamda Katta Odessa portlari odatdagidek faoliyat yuritayotganini bildirdi.

Vazirlikka ko‘ra, Ukraina dengiz koridori eksport yuklarini tashish va xalqaro shartnomalar bo‘yicha majburiyatlarni bajarishda davom etmoqda.

Ma’lumotda qayd etilishicha, «Chernomorsk» Ukrainadagi eng yirik dengiz portlaridan biri bo‘lib, mamlakat dengiz eksport-import operatsiyalarining muhim qismini ta’minlaydi.

Biroq Andrey Sibixaning ma’lum qilishicha, 22 iyul kuni Ukraina dengiz koridori orqali birorta ham kema harakatlanmagan.

Tomonlarning o‘zaro ayblovlari

Rossiya Ukraina Qora dengiz orqali fuqarolik yuklari niqobi ostida mudofaa uchun mo‘ljallangan qurol-yarog‘ tashayotganini iddao qilmoqda.

O‘z navbatida, Ukraina Qurolli kuchlarining Uchuvchisiz tizimlar kuchlari 6–22 iyul kunlari Azov dengizida Rossiyaning «soya floti»ga tegishli 126 ta kemaga, Qora dengizda esa yana 70 ta kemaga zarba berilganini ma’lum qildi.