Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Oleksandr Sirskiyni Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni lavozimidan ozod etishga qaror qilganini ma’lum qildi. Uning o‘rnini 43 yoshli general-mayor Mixail Drapatiy egallaydi, u shu vaqtgacha Ukraina qurolli kuchlari Birlashgan kuchlari qo‘mondoni lavozimida edi.

«Mixail Drapatiy bilan birgalikda yaqin va o‘rta muddatli istiqbolda qanday vazifalar amalga oshirilishi kerakligini belgilab oldim. Ukraina mudofaa kuchlarining operatsiyalari davom etmoqda va barqaror davom etishi kerak. Ukrainaning uzoq masofali sanksiyalar rejasi, bizning "midlstrayk" dasturimiz mutlaqo aniq ijro etiladi», – dedi Zelenskiy.

U o‘z bayonotida Sirskiyning iste’fosi sababini keltirmagan, ammo uning xizmatlarini e’tirof etib, u Kiyev mudofaasida, Xarkivni ozod qilishda hamda Kursk amaliyotida Ukraina uchun kerakli natijalarni ta’minlaganini ta’kidlagan.

«Bugun Oleksandr Sirskiy va Andrey Gnatov bilan xizmatning keyingi formatlarini va ishni to‘g‘ri o‘tkazishni muhokama qildik», – degan Zelenskiy va Bosh shtab boshlig‘i Andrey Gnatov ham o‘z lavozimini tark etayotganini bildirgan.

43 yoshda bo‘lgan Mixail Drapatiy, 61 yoshli Oleksandr Sirskiydan farqli o‘laroq, ofitserlik uchun sovetlar bilim yurtida – Moskvada emas, mustaqil Ukrainada o‘qigan. U 2014 yilda, Rossiyaning Donbassga «cheklangan» bosqini boshlanganidan buyon jang qilib keladi.

Tayinlov haqida e’lon qilinganidan keyin Drapatiy ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida «Ukraina prezidentiga ishonch, mudofaa vaziriga – qo‘llab-quvvatlov, mudofaa kuchlariga – xizmatning yangi bosqichi» uchun minnatdorchilik bildirdi. «Ukrainaga xizmat qilish men uchun doimo sharaf bo‘lgan, mustaqillik uchun urush davrida esa bu mutlaq mas’uliyatni anglatadi», – deya yozgan u.

Sirskiyning iste’fosiga nima sabab bo‘ldi?

O‘tgan hafta chorshanba kuni kechqurun Ukraina prezidenti mudofaa vaziri Mixail Fedorovni iste’foga chiqarishga qaror qilgani ma’lum bo‘lgandi.

U o‘shanda o‘z qarorini Fedorov va Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Sirskiy o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgani va bu muammoni hal qilib bo‘lmagani bilan izohlagandi. Ukraina nashrlari yozishicha, Zelenskiy Oliy rada deputatlari bilan uchrashuv chog‘ida bunday holatda Fedorovni ham, Sirskiyni ham iste’foga chiqarish to‘g‘ri bo‘lishi, ammo hozir buni qila olmasligini aytgan.

Kiyevdagi namoyish ishtirokchilari, 19 iyul
Pavlo Bahmut/ Ukrinform/Future Publishing via Getty Images

Keyingi tongda esa urush davrida ikkinchi bor Ukraina shaharlarida norozilik aksiyalari boshlandi – aholi Zelenskiy Fedorovni mudofaa lavozimiga qaytarmaganidan norozilik bildirdi. 35 yoshli Fedorov bu lavozimda atigi yarim yil ishladi, ammo front uchun bir necha muhim o‘zgarishlarni amalga oshirishga ulgurdi, jumladan, turli xil va uzoq masofali dronlar ishlab chiqarishni sezilarli darajada ko‘paytirdi va umuman olganda, dronlar yo‘nalishini kuchaytirdi.

Namoyishchilarning ko‘pchiligi Sirskiyni iste’foga chiqarishni, Fedorovni esa mudofaa vazirligiga qaytarishni talab qilgan. O‘tgan yili ham norozilik namoyishiga chiqqan ukrainlar Volodimir Zelenskiyni Ukrainaning korrupsiyaga qarshi organlarini Bosh prokuraturaga bo‘ysundirish qarorini bekor qilishga majbur qilgan edi.

Fedorov o‘z iste’fosidan keyin jurnalistlar uchun brifing uyushtirdi va o‘zi hamda bosh qo‘mondon o‘rtasida ziddiyat yuzaga kelgani, prezidentdan Sirskiy hamda Bosh shtab boshlig‘i Andrey Gnatovni almashtirishni so‘raganini aytdi.

Sirskiy ham bir kun o‘tib mojaro yuzasidan munosabat bildirgan va faqat 2022 yilgi Kiyev mudofaasi bo‘yicha amaliyotga rahbarlik qilgani bilan faxrlanishi, shu amaliyot tufayli «hozir bu shaharda brifinglar o‘tkazishga imkon borligi»ni aytish bilan cheklangan.

Ammo Volodimir Zelenskiy namoyishlarning ilk kuniyoq «jamiyat nima deyayotganini tushunishini, eshitishini va hatto reaksiya qilishi»ni aytgan.

Shundan keyin Zelenskiy ichki ishlar vaziri Igor Klimenkoni Fedorov o‘rniga mudofaa vaziri etib tayinlash qaroridan qaytdi.

Bir kun o‘tib Ukraina xavfsizlik xizmati rahbari Yevgeniy Xmara mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Lekin Ukraina shaharlarida dam olish kunlarida ham namoyishlar davom etdi. Masalan, yakshanba kuni Kiyev markazidagi Ivan Franko maydonida 10 mingga yaqin odam to‘plangan.

Dam olish kunlari Zelenskiy turli darajadagi harbiylar bilan bir necha uchrashuvlar o‘tkazdi.

Sirskiy nimalar bilan yodda qoldi?

Valentyn Ogirenko / Reuters / Scanpix / LETA

2024 yil fevralida Volodimir Zelenskiy Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni, o‘zi uchun siyosiy raqibga aylangan Valeriy Zalujniyni iste’foga chiqarib, uning o‘rniga Oleksandr Sirskiyni tayinlagandi.

Sirskiyning eng katta xizmatlaridan qatorida Rossiyaning keng ko‘lamli bosqining ilk haftalarida Kiyevni mudofaa qilgani, 2022 yil avgust-sentyabr oylarida Ukraina qurolli kuchlarining Xarkiv oblastidagi qarshi hujumini tashkillashtirgani, shuningdek, 2024 yil avgustida ukrain harbiylarining Kursk oblastida boshlagan amaliyotini rejalashtirganini keltirishadi.

Shu bilan birga, Sirskiyni tanqid qiluvchilar ham bor. Masalan, harbiy muxbir va «Tsenzor.Net» nashri bosh muharriri Yuriy Butusov Oleksandr Sirskiyni joylardagi brigadalar va batalyonlarning komandirlarini aylanib o‘tgan holda, operativ buyruqlar berish bilan ham shug‘ullanishda ayblaydi.

Shu bilan birga, boshqa sharhlovchilar Sirskiy Rossiya armiyasining resurslar bo‘yicha ustunligi va safarbarlik muammolari sharoitida harakat qilishiga to‘g‘ri kelganini ta’kidlaydi.

«E’tiroz bildirish, tanqid qilish mumkin, ammo jangovar generalga buni faqat harbiylar qilishlari mumkin. Jarayonlar mohiyatini va jang maydonidagi vaziyatni tushunadiganlar. Chunki Sirskiy o‘z vazifasini telekameralarsiz, intervyularsiz, ijtimoiy tarmoqlardagi postlarsiz bajargan. U ishlashga majbur bo‘lgan vaziyatda bu murakkab burch», – deya yozdi Sirskiyning iste’fosi haqidagi xabardan keyin Kiyev shahri meri Vitaliy Klichko.

Chorshanba tongida Oleksandr Sirskiyning o‘zi ham «qo‘mondonlikni topshirishdan oldin», «aytar so‘zlari borligi»ni bildirib, post yozdi.

Postda u urushning asosiy bosqichlarini va ulardagi o‘z rolini sanagan. Sirskiy amalga oshirilgan operatsiyalarning bir qismi haqida «bugun gapira olmasligi» – «ular haqida tarix hikoya qilishi»ni ta’kidlagan.

«Men o‘zimdan keyin keluvchiga nafaqat mudofaada, balki hujum ham qilayotgan armiyani qoldiraman – tashabbus, tuzilma, dushmanni qanday urishni biladigan odamlar bilan. Bu hujum davom etishiga chin dildan umid qilaman», – deya yozgan Ukraina qurolli kuchlarining lavozimini tark etayotgan bosh qo‘mondoni.

General Drapatiy haqida nimalar ma’lum?

Genya Savilov / AFP / Scanpix / LETA

43 yoshli Mixail Drapatiy mustaqil Ukrainada ofitserga aylangan. U 2004 yilda Xarkiv tank qo‘shinlari institutini, 2017 yilda esa Ukraina milliy mudofaa universitetini tamomlagan.

U 2014 yil mayida tanilib ketgandi. O‘shanda 72-alohida mexanizatsiyalashgan brigada batalyoni komandiri bo‘lgan Drapatiy o‘z bo‘linmasini rossiyalik ayirmachilar tomonidan egallab olingan Mariupol shahri markaziga boshlab borgandi.

O‘sha yil avgustida esa Drapatiy og‘ir ahvolga tushib qolganiga qaramay, ukrain harbiylari bilan Luhansk oblasti Izvarino qishlog‘ida qurshovni yorib o‘tgandi.

2016 yilda Drapatiy 58-alohida motopiyodalar brigadasiga boshliq etib tayinlanadi. 2022 yilda Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan keyin Xerson yo‘nalishida mudofaaga rahbarlik qiladi, xususan, 2022 yil noyabrida Xerson shahrini ozod qilish bo‘yicha amaliyotda qatnashadi.

2024 yil oktyabrida Drapatiy general-mayor unvonini olgan. O‘sha yil may oyidan u Xarkiv yo‘nalishida Rossiya hujumlarini qaytarishga mas’ul bo‘lgandi. U frontning mazkur uchastkasida mudofaani to‘g‘ri yo‘lga qo‘yadi va dushman hudud ichkarisiga kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Oleksandr Sirskiy 2024 yil fevralida Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni etib tayinlanganidan keyin Drapatiy uning jamoasidan o‘rin olgan va Bosh shtab boshlig‘ining harbiylarni tayyorlash bo‘yicha o‘rinbosariga aylangan.

Drapatiy 2025 yil oktyabrida Ukraina qurolli kuchlari Birlashgan kuchlari rahbariga aylangandi.

Harbiy ekspertlar Drapatiyning komandir sifatidagi kasbiy mahorati, shaxsiy tarkibga ehtiyotkorona munosabati va Ukraina qurolli kuchlarida katta obro‘ qozonganiga e’tibor qaratadi.

Mixail Fedorov mudofaa vaziri lavozimidan ozod etilganidan keyin Drapatiy ijtimoiy tarmoqlarda uni va sobiq vazirning mudofaa vazirligida olib borgan ishlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirib post yozgandi.

«Mudofaa vazirligiga yangi qo‘mondonlik kelishi bilan harbiy tizim yillar davomida amal qilib kelgan qoidalarni o‘zgartirishga haqiqiy urinish paydo bo‘ldi. Gap qog‘ozdagi yangi nomlar yoki navbatdagi qayta qurish haqida emas, balki askarlar va qo‘mondonlar har kuni oqibatlarini his qilayotgan muammolar haqida borardi», – degandi u.

Fedorov bilan nima bo‘ladi?

Andrew Kravchenko / Global Images Ukraine / Getty Images

Kechki murojaatida Zelenskiy sobiq mudofaa vaziri bilan uchrashganini aytdi.

«Men Mixailga hukumatdan davlatimizning texnologik tarkibiy qismini birlashtirish va uning rivojlanishini ta’minlash imkonini beradigan munosib pozitsiyani taklif qildim», – dedi Ukraina prezidenti.

Zelenskiy qaysi lavozim haqida gap ketayotganiga aniqlik kiritmagan.

O‘tgan haftadagi brifingda Fedorov Zelenskiy unga maslahatchi lavozimini taklif qilgani, ammo buni rad etganini aytgandi.

Fedorovning Ukraina prezidentining yangi taklifiga munosabati hozircha noma’lum.

Sirskiyning iste’fosi va uning o‘rniga Drapatiy tayinlanganidan keyin Fedorov sodir bo‘lgan o‘zgarishlarni «ozod odamlarning erkinlik va adolat uchun kurashida yangi havo va yangi umid» deb ta’rifladi. «Eshitmaslik mumkin bo‘lmagan o‘zgarishlar ovozi», – deb yozdi sobiq vazir.

U Drapatiyni lavozimga tayinlangani bilan tabrikladi va Sirskiyga qo‘ng‘iroq qilib, «Kiyev oblastini himoya qilgani, Xarkiv operatsiyasi va boshqa tarixiy janglar uchun minnatdorchilik bildirgani»ni qo‘shimcha qildi.