Visual Capitalist tayyorlagan reyting BMTning Jahon turizm tashkiloti hamda Jahon bankining eng so‘nggi ma’lumotlari asosida tuzilgan bo‘lib, unda xalqaro sayyohlar oqimi aholi soniga nisbatan eng yuqori bo‘lgan 25 ta davlat o‘rin olgan. Tadqiqotga qaram hududlar kiritilmagan.

Reytingda Andorra birinchi o‘rinni egalladi. Har yili mamlakatga taxminan 4,2 million nafar xorijiy sayyoh tashrif buyuradi, aholisi esa atigi 82 ming nafarni tashkil etadi. Bu har bir aholiga o‘rtacha 51 nafar sayyoh to‘g‘ri kelishini anglatadi. Bu ko‘rsatkich reytingda ikkinchi o‘rinni egallagan Monakonikidan besh barobardan ham yuqori.

Fransiya va Ispaniya o‘rtasida joylashgan Andorra so‘nggi yillarda Buyuk Britaniya, Germaniya va AQShdan keluvchi sayyohlar oqimini ham sezilarli darajada oshirgan. Mamlakatda aeroport bo‘lmasa-da, turizm iqtisodiyotning qariyb 80 foizini ta’minlaydi. Sayyohlarni tog‘-chang‘i kurortlari, termal majmualar, tog‘ manzaralari va bojsiz savdo tizimi jalb qiladi.

Reytingning yuqori qismidagi davlatlarning aksariyati orol mamlakatlaridir. Ular orasida Malta har bir aholiga 6,3 nafar sayyoh to‘g‘ri kelishi bilan Islandiya (5,6)dan oldinda turadi.

Karib havzasida Bagama orollari har bir aholiga 4,7 nafar sayyoh bilan yetakchilik qilmoqda. Keyingi o‘rinlarda Antigua va Barbuda (3,5) hamda Barbados (2,5) qayd etilgan. Hind okeanida esa Maldiv orollari har bir aholiga 3,2 nafar, Seyshel orollari esa 2,8 nafar sayyoh qabul qiladi.

Reytingdan nafaqat mikrodavlatlar va orol mamlakatlari, balki aholisi millionlab bo‘lgan Yevropa davlatlari ham o‘rin olgan. Portugaliyada har bir aholiga 2,7 nafar, Avstriyada 2,9 nafar, Xorvatiyada esa 4 nafar xorijiy sayyoh to‘g‘ri keladi. Mutaxassislar bu mamlakatlarning boy tarixiy merosi, me’moriy obidalari, dam olish maskanlari va tabiiy go‘zalliklari ularni dunyodagi eng ommabop sayyohlik yo‘nalishlaridan biriga aylantirganini ta’kidlamoqda.











