Qonun loyihasi migratsiya sohasidagi qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan bo‘lib, mamlakatga chet elliklarning kirishi va bu yerda bo‘lishi bilan bog‘liq tartib-taomillarni yanada soddalashtirish hamda turizm va xorijiy investitsiyalarni rag‘batlantirishni ko‘zda tutadi.
Qayd etilishicha, hozirda 80 dan ortiq davlat fuqarolari uchun vizasiz kirish tartibi amal qiladi, elektron viza berish tizimi joriy etilgan. Shuning natijasida joriy yilning dastlabki besh oyida O‘zbekistonga tashrif buyurgan xorijiy turistlar soni 27 foizga oshib, 5,5 million nafarga yetgan.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar mehmonxona, motel, dam olish maskanlari, sanatoriylar, davlat va xususiy klinikalar hamda boshqa joylashtirish muassasalariga kelganida, qabul qiluvchi tashkilotlar ularni darhol turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazishi shart.
Biroq amaliyotda ayrim tashkilotlar ushbu majburiyatni bajarmasligi, shuningdek, kelgan shaxslar haqidagi ma’lumotlarni E-mehmon axborot tizimiga kiritmaslik holatlari uchrayotgani qayd etildi. Shu munosabat bilan qonun loyihasida bunday qoidabuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirish taklif qilinmoqda.
Shuningdek, hujjat bilan amaldagi qonunlar 2025 yil 10 iyulda qabul qilingan «O‘zbekiston fuqarolarini, chet el fuqarolarini hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida»gi qonunga muvofiqlashtirilmoqda.
Xususan, bir qator kodeks va qonunlarda qo‘llanilayotgan «doimiy yashash joyi» va «vaqtinchalik yashash joyi» atamalari tegishlicha «yashash joyi» va «turgan joyi» tushunchalari bilan almashtirilishi nazarda tutilgan.
Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasining ayrim normalarini yanada aniqlashtirish va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha takliflar bildirdilar. Yakunlarga ko‘ra, qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.











