Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, fiskal tahlillar instituti O‘zbekistonda xarid cheklarini “Soliq” ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazgan shaxslarga xarid summasining 1 foizini keshbek shaklida qaytarib berish amaliyotini to‘xtatishga chaqirmoqda.

Institut direktori o‘rinbosari Dilshod Sultonov Kun.uzʼga bergan intervyusida aytishicha, keshbek tizimi avvalboshidan odamlarda chek so‘rash madaniyatini shakllantirish uchun vaqtinchalik chora sifatida joriy qilingan.

“Keshbek to‘lash tizimi qancha tez bekor qilinsa, shuncha yaxshi. Chunki 80 foiz pul shundoq ham chek beradigan tashkilotlar [mijozlari]ga ketyapti – bular katta supermarketlar, katta ovqatlanish shoxobchalariga to‘g‘ri keladi. Shu sababli keshbek tizimini olib tashlab, fuqarolar o‘rtasida yutuqli o‘yin o‘tkazishni taklif qilyapmiz. Hozir 20 mln so‘mgacha qiymatdagi cheklarni urish mumkin, bu limitni olib tashlaylik, odamlar istalgancha chek ursin va lotoreya asosida 200 mln lik mashina beraylik”, – deydi Sultonov.

Uning aytishicha, “institut 20 foiz soliq to‘lovchi nazorati uchun byudjyetdan har yili 150 mln dollar ajratishda ma’no ko‘rmayapti”.

“Bu boshidan vaqtinchalik chora edi, odamlarda chek so‘rash madaniyatini shakllantirmoqchi edik. O‘ylaymanki, bu samara berdi. Hozir o‘g‘riliklar ko‘payyapti, qalbaki cheklarni o‘tkazish holatlari bor, cheklarni sotish boshlandi. Yiliga 150 mln dollar keshbek to‘lanyapti, bu 120 o‘rinli 300 ta bog‘cha degani”, – dedi Dilshod Sultonov.

Sultonovning qo‘shimcha qilishicha, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamga qo‘y, mol va parranda go‘shti mahsulotlari, tuxum, o‘simlik yog‘i, un, shakar, dori vositalari hamda tibbiy xizmatlar bo‘yicha amalga oshirilgan xaridlar uchun odatdagi 1 foizlik keshbek o‘rniga xarid summasida to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS)ning to‘liq miqdori (12 foiz) qaytarilishi tartibi bekor qilinmaydi.

“Biz hammaga birdek go‘sht uchun QQSdan imtiyoz bera olmaymiz, kambag‘al qatlam haftasiga yarim kilo go‘sht olsa, boylar bir haftada 5-10 kg olishi mumkin. Bu imtiyoz boylar uchun xizmat qilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bu tizim maqsadli ishlagani uchun u davom etadi, faqat takomillashtiramiz. Sababi soxta cheklar orqali QQSni qaytarib olish holatlari avj oldi”, – deydi u.

Institut ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda 1 foizlik soliq keshbeki to‘lovlari hajmi 820 mlrd so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2026 yilda bu mablag‘ 1,8 trln so‘mga yetishi mumkin. 2026 yilda bog‘chalar qurilishi uchun davlat byudjyetidan bundan ikki barobar kam – 900 mlrd so‘m mablag‘ ajratish rejalashtirilgan.

Avvalroq institut tomonidan e’lon qilingan maqolada mazkur mexanizmning amal qilishi davlat byudjyeti hisobidan doimiy moliyalashtirishni talab etishi, ro‘yxatdan o‘tkazilgan fiskal cheklar soni ortishi bilan bir qatorda, davlat byudjyeti xarajatlari ham muttasil ko‘payib borishi ta’kidlangandi.