«Muammoni hal etish tuman qurilish bo‘limiga yuklatilgan», deydi hokimlik vakili.

Savol tug‘iladi: tinch va xotirjam yashab turgan fuqarolarga muammo yaratib bergan kim? Qaysi aql va farosat bilan bu ishga qo‘l urildi?

“Qamalda qoldik”

Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani Kichik halqa yo‘li ko‘chasidagi Oydin mahallasida yashovchi fuqarolar uylari oldiga baland beton qoplama yotqizilganidan norozi bo‘lib Kun.uzʼga murojaat qildi.

Aholining aytishicha, piyodalar yo‘lagi qurilishi jarayonida ayrim xonadonlar oldiga qariyb 30 santimetr balandlikda tsement qoplamasi yotqizilgan. Natijada fuqarolarning avtomobillarini hovliga olib kirishi va darvozadan erkin kirib-chiqishi qiyinlashgan.

Kun.uz holatni o‘rganish maqsadida mazkur hududda bo‘lib, aholi vakillari bilan suhbatlashdi.Hududda yashaydiganlardan biri qurilish ishlari haqida mahalla aholisi oldindan ogohlantirilmaganini aytdi.

“Bu narsani bizni hech kim ogohlantirmagan. Narigi yog‘idan qilib kelishganda biz ko‘rib keldik. U yoq tomonda hammasi to‘polon qilsa ham hech kim quloq solmagandi. U yoqlarni ham ko‘rib kelsangizlar, hamma yoq to‘silgan. Mashinasi borlar mashinasini ham olib kira olmaydi. Bizning ko‘chada darvozalargacha to‘siq qilib qo‘yishgan. Kirib-chiqishga ham, boshqa qilishga ham. Bu, menimcha, noto‘g‘ri: ‘Skoriy’ kelishi bor. Gazonga qoldirishgan, mana, daraxtlarni ekib, hamma yoqni to‘sib tashlashyapti.

Mashinalarimizni qayerga qo‘yishimiz kerak? Masalan, sariq polosa chizib kelishyapti. Xonadonga mana shu mashinalarni hech kim olib kira olmayapti. Men o‘ylaymanki, mashina kiradigan joylarimizni ochib berishsa, mashinamiz qo‘yadigan joy ham qilib berishsa”.

Yana bir fuqaroning aytishicha, piyodalar yo‘lagi qurilishida xonadonlar darvozasi va avtomobillar kirib-chiqishi hisobga olinmagan.

“Bo‘layotgan ishlarga odam hayron. Bu yerda bizni odam o‘rnida ko‘rishmayapti. Davlat bilmadim qayoqqa qarayapti. Nima qilishyapti? Mana, darvoza qurib qo‘yganmiz. Hamma qo‘shnilarimizning darvozasi bor, bu yerga mashina kirishi kerak. Endi mana shu trotuardan keyin qanaqa mashina kiradi? Mayli, trotuar qilishar ekan, keyin ko‘chaga qo‘yishga ham ruxsat berishmas ekan. Bu nima ahvol? Ustimizdan kulishyaptimi, tushunmayapmiz.

Meniki ikkita xonadondan keyin boshlanadi. U yerda umuman shunaqa chuqurlikki, bizga bir qarich joy qoldirib, u yog‘iga beton qilib, tepasiga temir reshyotka qilib qo‘yishar ekan. Kulgili emasmi? Ertaga men to‘y qilishim kerak, bolalarimni uylantirishim kerak. Mehmonlarim qanaqa qilib uyimga kiradi? Xuddi bizni odam o‘rnida umuman ko‘rishmayapti. Reshyotka bilan bizni qamoqxonaga tiriklayin tiqib qo‘yishyapti hisob-da. Bu qanaqasi?

Narigi yog‘dagilarning mashinalari ichkarida qolib ketgan holatlar ham bo‘ldi. Qanaqa qilib olib chiqishdi, o‘zlariga ma’lum. Endi bizni ham xuddi shu ahvolga solib qo‘yishmoqchi.

Kerak bo‘lsa, mana, soyada yurishga harakat qilamiz. Biz chuqurlikda, ariqning ichida yurarkanmiz endi. Hech kim ogohlantirgani yo‘q.

“Xohlasanglar ham shu, xohlamasanglar ham shu. Sizlar aytgan bilan bo‘lmaydi. Bu hokimiyatning buyrug‘i, hokimiyatning ishi bilan qilinayotgan ish”, deyishyapti. Hayronmiz. Kimga murojaat qilishga ham hayronmiz. Hokimiyatning o‘zi shu narsani qilib turganidan keyin bilmayapmiz”.

Hokimlik: “muammo bartaraf etiladi”

Kun.uz holat yuzasidan Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi bilan bog‘landi. Tuman hokimligi matbuot kotibi, hokimning axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Ma’mur Parmonovning aytishicha, poytaxtning bir qator markaziy ko‘chalarida piyodalar yo‘laklari rekonstruksiya qilinmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur hududda ham tasdiqlangan loyiha asosida ishlar olib borilmoqda, ammo qurilish jarayonida yuzaga kelgan muammolar bartaraf etiladi.

“Bugungi kunda birgina Mirzo Ulug‘bek tumanida emas, poytaxtimizning juda ko‘p hududlarida markaziy ko‘chalarda piyodalar yo‘laklari ta’mirlanyapti.

Jarayonda dastur bo‘yicha nima ko‘rsatilgan bo‘lsa, amaliy ishlar amalga oshiriladi. Lekin hozir bu jarayonda muammo bor, yo‘q emas. Bartaraf etiladi. Sababi aholi baribir xonadoniga kirib-chiqishi kerak, to‘g‘rimi?

Rahbariyatning xabari bor. Muammodagi vaziyat tez orada bartaraf bo‘ladi. U shu yo‘sinda qoldirilmaydi hech qachon. Agar shu turishda qoldiriladigan bo‘lsa, aholi qanaqa kirib-chiqadi xonadoniga?”

Hokimlik vakilining bildirishicha, masala bo‘yicha ishchi guruh tashkil etilgan va muammoni hal etish tuman qurilish bo‘limi zimmasiga yuklatilgan.

“Men o‘zim matbuot kotibi sifatida nazoratga olaman, o‘rganaman, fuqaroning murojaatini ham tinglaymiz. Nari borsa, shu bir haftalar ichida hal bo‘ladi. Bog‘lanib, qo‘shimcha axborot beramiz, aynan holat bo‘yicha rasmiy munosabat beramiz.

Shunday muammoni hal qilamiz. Sababi shu turishda qoldiriladigan bo‘lsa, u yerda fuqaro kirib-chiqishiga ham sharoit yo‘q. Agar olib tashlash kerak bo‘lsa, o‘zining belgilangan tartib-qoidasi bor. Ularda ham kadastr hujjati bo‘lsa kerak, fuqaroda ham. Shundan kelib chiqib, muammoli vaziyat bartaraf etiladi”.

Hokimlikka ko‘ra, muammo bir hafta ichida o‘rganilib, xonadonlarga kirib-chiqish uchun zarur sharoit yaratiladi. 

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: tinch va xotirjam yashab turgan fuqarolarga muammo yartib bergan kim? Qaysi aql va farosat bilan bu ishga qo‘l urildi?

Savollarga javob izlashda davom etamiz.