Mazkur inshoot transport oqimini samarali tashkil etish, yo‘l harakati xavfsizligini oshirish, tirbandliklarni kamaytirish hamda Toshkent shahri bilan Nurafshon o‘rtasidagi qatnov vaqtini 10-15 daqiqaga qisqartirishga xizmat qiladi.

Bektemir va O‘rta Chirchiq tumanlari tutashgan hududda 14,1 gektar maydonda barpo etilgan loyihaning qiymati 240 milliard so‘mni tashkil etdi. Ob’yekt tarkibida uzunligi 66 metr, kengligi 46 metr bo‘lgan ko‘prik, 450 metrlik yer osti avtomobil yo‘li, ikkita ortga qayrilish yo‘lagi, to‘rtta yer osti piyodalar o‘tish yo‘lagi va 950 metrlik aylana halqa yo‘li qurildi. Shuningdek, 9,5 kilometr piyoda va veloyo‘laklar, sakkizta jamoat transporti bekati, 240 ta tashqi yoritish chirog‘i hamda 6 kilometr yo‘l to‘siqlari barpo etildi.

Yangi ob’yektning ishga tushirilishi natijasida yo‘nalishning kunlik o‘tkazuvchanlik quvvati bir necha barobarga oshib, 130 mingta avtotransport vositasiga yetadi. Bu esa poytaxt va Toshkent viloyati o‘rtasidagi transport aloqalarini yanada yaxshilash, tirbandliklarni bartaraf etish hamda aholi uchun qulay harakatlanish sharoitini yaratishga xizmat qiladi.

Prezidentimizga loyihaning texnik yechimlari, transport oqimini boshqarish imkoniyatlari hamda kelgusida Toshkent – Nurafshon yo‘nalishida tezyurar avtobuslar tizimini (BRT) yo‘lga qo‘yish bo‘yicha rejalar haqida ham axborot berildi.