Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Jizzax viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqarolar R.A., T.Sh. hamda B.R. va A.A. MChJ mas’ul shaxslari o‘zaro til biriktirgani aniqlangan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ular go‘yoki 16,6 mlrd so‘mlik mahsulotlar yetkazib berilgani haqida soxta ma’lumotlar rasmiylashtirgan. Shuningdek, mahsulotlar sotilgani to‘g‘risida nazorat-kassa mashinalari orqali soxta kirimlar amalga oshirilib, jami 3 106 ta xarid cheki shakllantirilgan.
Ushbu cheklar asosida ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan fuqarolar nomiga Soliq Mobile ilovasi orqali «keshbek» mablag‘lari rasmiylashtirilgan. Oqibatda davlat byudjyeti hisobidan 1,9 mlrd so‘m mablag‘ o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilingani ma’lum bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) hamda 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar va blankalarni tayyorlash, qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda ish bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda.











