21 iyul kungi prezident selektorida strategik korxonalar xarajatlari ham alohida tahlil qilindi.
Davlat rahbarining matbuot xizmatiga ko‘ra, ilgari tarmoqlar umumiy xarajatlarni foizda qisqartirib, tannarx kamaygani haqida hisobot berar edi. Bir birlik mahsulot tannarxi bo‘yicha tahlil esa haqiqiy holatni ko‘rsatib bergan.
Masalan, Navoiy kon-metallurgiya kombinatida 1 unsiya oltin tannarxi 8,2 foizga oshgan. Jami xarajatlar o‘tgan yilga nisbatan 6,2 trillion so‘mga yoki 22 foizga ko‘paygan.
O‘zbekiston metallurgiya kombinatida po‘lat sharlar ishlab chiqarish tannarxi 5,4 foizga, “O‘zkimyosanoat”da karbamid bo‘yicha 11,1 foizga, ammiakli selitra bo‘yicha 8,3 foizga oshgan.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasini boshqarayotgan AQShning Franklin Templeton kompaniyasi IPOga chiqishi kerak bo‘lgan 13 ta yirik kompaniyani tahlil qilib bergan.
Uzbekistan Airways misolida marshrutlar optimal tanlanmagani, reyslar orasi uzoqligi va kechikishlar ko‘pligi, keytering hamda texnik xizmatda raqobat yo‘qligi sababli 120 million dollar daromad boy berilayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Franklin Templeton tahlillariga ko‘ra, Uzbekistan Airways'ning bozor qiymatini 40 foizga, “O‘zbektelekom”nikini 50 foizga oshirish imkoniyati bor.











