Yaqinda O‘zbekistonda yangi xususiylashtirish dasturi boshlanadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning ma’lum qilishicha, yangi dastur doirasida 100 trillion so‘mlik 1,3 mingta ko‘chmas mulk, 8 ming gektar yer maydoni va 66 ta korxonadagi davlat ulushlari savdoga chiqariladi.
Davlat aktivini olgan tadbirkor uchun avans to‘lovi 30 foizdan 15 foizga kamaytiriladi. Qolgan summani foizsiz bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi.
Davlat rahbari hozir 22 trillion so‘mlik 3 mingta davlat ob’yekti auksionda turganini aytarkan, hokimlarda davlat mulklarini sotish bo‘yicha tizim yo‘qligini tanqid qildi.
Prezident banklar balansidagi sotilmay turgan mulklarga ham alohida to‘xtalib o‘tdi. Unga ko‘ra, hozir banklar balansida 9 trillion 300 milliard so‘mlik 2 411 ta mol-mulk sotilmay turibdi.
Har bir obektning bank balansida asosli turgani tahlil qilinadi; xaridori bor, lekin sun’iy ushlab turilgan obektlar bo‘yicha qonun ustuvorligi ta’minlanadi, deyiladi rasmiy xabarda.
Avvalroq bo‘lib to‘lashga sotilgan ob’yektlar bo‘yicha ustama hisoblash to‘xtatilishi xabar qilingandi.











