Tijorat banklaridan birining Romitan filiali sobiq rahbari A.H., bank menejyeri F.S. va tumandagi mahallalardan birida sobiq hokim yordamchisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi S.X.lar o‘zaro til biriktirib, fuqaro nomiga kredit rasmiylashtirib o‘zlashtirib yuborgan.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Buxoro viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda aniqlanishicha, ular fuqaro H.A.ning xabardorligisiz uning nomiga 32,9 mln so‘m kredit mablag‘i ajratib, go‘yoki uch g‘ildirakli mototsikl xaridi uchun YaTT “S.G.”ning hisob-raqamiga pul ko‘chirib, naqdlashtirib olish yo‘li bilan o‘zlashtirgan.

Bundan tashqari, fuqaro H.A.dan 35,9 mln so‘mlik kredit qarzdorligini undirish haqidagi sud buyrug‘i asosida MIB tuman bo‘limi tomonidan ijro ishi qo‘zg‘atilganligidan xabar topgan A.H. o‘zining jinoiy harakatlarini yashirish maqsadida to‘lanmagan kredit qarzdorlik to‘liq undirilganligi haqidagi soxta xatni MIB tuman bo‘limiga taqdim qilib, ijro ishi yuritilishi tamomlanishiga erishgan.

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.