Davlat rahbari qayd etganidek, yig‘ilishga tayyorgarlik jarayonida investorlar va xalqaro kompaniyalar tomonidan 120 ta yangi taklif hamda tashabbus kelib tushgan. Ularning barchasi tahlil qilinib, investitsiya muhiti, soliq tizimi, kadastr, energetika, moliya va bank tizimi, korporativ boshqaruv, shuningdek, sun’iy intellekt va raqamli iqtisodiyotni qamrab olgan yettita ustuvor yo‘nalishga birlashtirilgan.
Prezident, xususan, valuta aylanmasidagi monitoring jarayonlarini yengillashtirish, islomiy sug‘urta, «yashil» kredit va bank aktivlari bozorini shakllantirish kabi zamonaviy moliyaviy instrumentlarni joriy qilish muhimligini ta’kidladi.
Shuningdek, korxonalar faoliyatida atrof-muhit muhofazasi, ijtimoiy mas’uliyat va samarali korporativ boshqaruvni o‘z ichiga olgan ESG tamoyillarini keng qo‘llashni rag‘batlantirish zarurligi qayd etildi.
Yig‘ilishda har bir ustuvor yo‘nalish bo‘yicha mas’ullar belgilanib, kelib tushgan takliflar asosida aniq yechimlar ishlab chiqilishi ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan mazkur vazifalarni amalga oshirishda faol ishtirok etayotgan ishchi guruhlar hamraislari — Vision Invest, BDO, Crowe, OTP Group, Franklin Templeton, Ernst & Young, Costa Legal va ACWA Power kompaniyalari rahbarlariga minnatdorlik bildirildi.











