Kelgusi 10 yilda O‘zbekiston energetika infratuzilmasi uchun 8 milliard dollar talab etiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 21 iyul kungi selektorda aytib o‘tdi.

Davlat rahbariga ko‘ra, tarmoqlardagi yo‘qotishlarni kamaytirish borasida yetarli ish olib borilmayapti, buning natijasida:

  • olti oyda elektr energiyasi yo‘qotishi 17,2 foizni yoki 4,8 milliard kilovatt-soatni tashkil qilgan;
  • gaz tarmog‘idagi yo‘qotishlar 7,6 foizga, ya’ni 797 million kub metrga yetgan.

Hududiy gaz tarmoqlari korxonalarida mehnat unumdorligi qo‘shni davlatlarga nisbatan 1,5-2 barobar pastligi qayd etildi.

Ma’lumot uchun, Shavkat Mirziyoyev joriy yil 24 aprel kungi yig‘ilishda 44 ta tumanda elektr yo‘qotishlari 20 foizdan ko‘pligini aytgan edi. 30 aprel kuni ushbu tumanlardagi elektr tarmoqlari korxonalari rahbarlari lavozimidan ozod etilgandi.

Tarmoqlardagi yo‘qotishlar masalasi davlat rahbari huzurida 2024 yil fevral oyida ham muhokama qilingan edi. O‘sha vaqtda elektr tarmoqlaridagi yo‘qotishlar 14 foiz, tabiiy gazda esa 7 foizdan yuqori ekani aytilgandi.