Mazkur kelishuv Chexiya bosh vaziri Andrey Babishning O‘zbekistonga tashrifi doirasida boshlangan hamkorlikning amaliy davomi sifatida baholanmoqda.
Migratsiya agentligi rahbari Behzod Musayev, O‘zbekistonning Chexiyadagi elchixonasi vakillari hamda Chexiya sog‘liqni saqlash vaziri Adam Voytex ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda o‘zbekistonlik tibbiyot mutaxassislarini Chexiya mehnat bozoriga tayyorlash masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar kelishuviga ko‘ra, nomzodlar chex tiliga o‘qitiladi, kasbiy tayyorgarlikdan o‘tkaziladi hamda Chexiyaning davlat va xususiy klinikalarida yuqori malakali lavozimlarga ishga joylashtiriladi.

Shuningdek, ikki davlat o‘rtasida dual ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, diplom va kasbiy malakalarni o‘zaro tan olish jarayonlarini soddalashtirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Ma’lum qilinishicha, ushbu dasturni amalga oshirish ishlari 2026 yil sentyabr oyidan boshlanadi. Bu esa o‘zbekistonlik tibbiyot xodimlarining Chexiyada rasmiy asosda mehnat faoliyatini boshlashi uchun yangi imkoniyatlarni yaratadi.











