Migratsiya agentligi Italiyaning Sardiniya hududida ishlash istagidagi o‘zbekistonlik tibbiyot xodimlari uchun tanlov boshlanganini ma’lum qildi.

Dastur doirasida har yili 100 nafar shifokor ishga qabul qilinishi rejalashtirilgan. Vakansiyalar shoshilinch tibbiy yordam shifokorlari hamda oliy ma’lumotli hamshiralar uchun ochiq.

Nomzodlar uchun ish tajribasi majburiy emas, biroq tajribaga ega mutaxassislarga ustuvorlik beriladi.

Ishga jo‘nab ketishdan oldin ishtirokchilar Italiyaning Peruja universiteti hamkorligida tashkil etilgan onlayn italyan tili kurslarida 7 oy davomida tahsil oladi. Kurs xarajatlari Migratsiya agentligi tomonidan qoplanadi.

Kursni muvaffaqiyatli tamomlaganlar Sardiniyada rasman ish boshlaydi. Asosiy oylik 3,5 ming yevrogacha etishi, qo‘shimcha ish soatlari va tungi navbatchilik uchun to‘lanadigan ustamalar bilan esa daromad 4–5 ming yevrogacha yetishi mumkin.

Ish vaqti haftasiga 38 soatni tashkil etadi. Ish beruvchi xodimlarni turar joy bilan ta’minlaydi, tushlik xarajatlarini qoplaydi va tibbiy sug‘urta rasmiylashtiradi.

Tanlovda 50 yoshgacha bo‘lgan nomzodlar ishtirok etishi mumkin. Shu bilan birga, 40 yoshgacha bo‘lgan mutaxassislarga ustuvorlik berilishi qayd etilgan.

Nomzodlardan oliy tibbiy ma’lumotga ega bo‘lishi talab etiladi. Qo‘shimcha ma’lumot va ro‘yxatdan o‘tish uchun Migratsiya agentligining 71 202 33 55 (221) raqamiga murojaat qilish mumkin.