Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi direktori Behzod Musayev boshchiligidagi delegatsiyaning Chexiyaga amalga oshirgan xizmat safari doirasida mehnat migratsiyasini rivojlantirish va o‘zbekistonlik mutaxassislarni ishga joylashtirish masalalari muhokama qilindi.

Chexiya Sog‘liqni saqlash vaziri Adam Voytex bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida tibbiyot sohasida pilot loyihani amalga oshirish va qo‘shma «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Qayd etilishicha, Chexiya sog‘liqni saqlash tizimida dastlabki bosqichda 400 nafarga yaqin hamshira va ijtimoiy xodimga ehtiyoj mavjud.

Shuningdek, Markaziy Yevropaning yirik xususiy tibbiyot tarmoqlaridan biri bo‘lgan Penta Hospitals International kompaniyasi bilan ham memorandum imzolandi. Hujjat o‘zbekistonlik kadrlarni Chexiya, Slovakiya va Polshadagi shifoxonalarga ishga joylashtirishni nazarda tutadi.

Tashrif davomida Chexiya Savdo palatasi hamda MONTO, s.r.o. va TOPSEARCH, s.r.o. kompaniyalari rahbariyati bilan ham uchrashuvlar o‘tkazildi. Unda sanoat, avtomobilsozlik, logistika va transport sohalariga o‘zbekistonlik mutaxassislarni jalb qilish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar yakunida chex ish beruvchilarining ehtiyojlaridan kelib chiqib, fuqarolarni O‘zbekistonning o‘zida turib chex tili va talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish, shuningdek, ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlik mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.