O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining matbuot kotibi Omonulla Fayziyev Rossiyada migrantlar uchun mobil telefon xarid qilish majburiy qilinayotgani haqidagi xabarlarga izoh berdi.
“Rossiya Federatsiyasiga kelayotgan barcha chet el fuqarolari majburiy tarzda maxsus mobil telefon xarid qilishi haqida tarqatilayotgan ma’lumotlar haqiqatga to‘liq mos kelmaydi. Hozirgi vaqtda ushbu masalaga oid qonun loyihasi muhokama bosqichida bo‘lib, u hali qabul qilinmagan.
Shuningdek, qonun loyihasida nazarda tutilgan normalar barcha chet el fuqarolariga emas, balki mobil qurilmaga ega bo‘lmagan yoki “Amina” ilovasini o‘rnatish va undan foydalanishni texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlamaydigan mobil qurilmalardan foydalanuvchi shaxslarga nisbatan tatbiq etilishi ko‘zda tutilgan.
Shu bois, barcha fuqarolar majburiy tarzda maxsus mobil telefon sotib olishi shartligi haqidagi talqinlar noto‘g‘ri ekanligini ma’lum qilamiz”, – dedi Fayziyev.
Avvalroq Rossiya ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Igor Zubov Rossiyaga uzoqroq muddatga kelgan migrantlar ro‘yxatdan o‘tishda telefon sotib olishi shart bo‘lishini aytgandi.
“Kelajakda nima bo‘lishi, qayoqqa ketayotganimiz hammaga qiziq. Bu yerga, ayniqsa, ishlash yoki uzoq muddatga kelgan har bir migrant ro‘yxatdan o‘tishda telefon sotib olishi shart bo‘ladi. Bu telefonda uning elektron profili joylashadi. Va biz har bir migrantning qayerdaligini bilib turamiz”, degandi u.











