Mamlakatda transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar doirasida Namangan xalqaro aeroportini kengaytirish loyihasi hayotga tatbiq etilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, umumiy qiymati 175 million dollar bo‘lgan loyiha asosida yangi uch qavatli yo‘lovchi terminali qurilmoqda. Maydoni 22,6 ming kvadrat metr bo‘lgan inshoot soatiga 1,2 ming nafar, yiliga esa 3 milliondan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Yangi terminalda chegara va bojxona nazorati punktlari, viza xizmatlari, biznes-zal, savdo va umumiy ovqatlanish shoxobchalari, tibbiyot punkti hamda Duty Free hududi joylashtiriladi. Loyiha natijasida 550 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, 2027 yil yakuniga qadar kunlik quvvati 50 tonna bo‘lgan kargo terminali ishga tushiriladi. Bu Farg‘ona vodiysida yagona zamonaviy kargo tizimini shakllantirib, mahalliy mahsulotlarni dunyoning 90 mamlakatiga eksport qilish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Davlat rahbari qurilish ishlari bilan tanishish asnosida aeroport infratuzilmasini yanada takomillashtirish va xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.












