Ma’lumotlarga ko‘ra, urush boshlanganidan buyon 1577 kun o‘tgan. Jurnalistlar qayd etishicha, mazkur urush davomiyligi jihatidan ham Sovet Ittifoqining Ikkinchi jahon urushidagi ishtiroki, ham Birinchi jahon urushidan oshib ketgan.
Halok bo‘lganlar orasida eng katta ulushni shartnoma asosida yoki ko‘ngilli sifatida frontga jalb etilganlar tashkil qiladi. Ular soni 83 ming 384 nafarga yetgan. Shuningdek, 25 ming 662 nafar sobiq mahkum va 19 ming 149 nafar safarbar etilgan fuqaroning halok bo‘lgani tasdiqlangan.
Tadqiqot mualliflari Rossiya armiyasi va boshqa kuch tuzilmalari tarkibida xizmat qilgan 7,2 mingdan ortiq ofitserning o‘limi haqida ham ma’lumot to‘plagan. Ular orasida 15 nafar general bor. Jumladan, besh nafar general-leytenant, yetti nafar general-mayor, ikki nafar zaxiradagi general va Rossiyaga qochib o‘tgan bir nafar Ukraina Xavfsizlik xizmati generali ham halok bo‘lganlar ro‘yxatiga kiritilgan.
Tasdiqlangan yo‘qotishlar soni bo‘yicha Rossiyaning Boshqirdiston va Tatarstan respublikalari yetakchilik qilmoqda.
Tahlilchilarning qayd etishicha, Rossiya armiyasining yo‘qotishlari har yili oshib bormoqda. Xususan, 2023 va 2024 yillardagi qurbonlar soni avvalgi yillarga nisbatan kamida ikki barobar ko‘paygan. Eng yuqori ko‘rsatkichlar odatda dekabr oyiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, yoz oylarida nisbatan pasayish kuzatilgan.
Shu bilan birga, halok bo‘lganlar orasida ofitserlar ulushi kamayib bormoqda. Agar urushning dastlabki bosqichida ular umumiy yo‘qotishlarning 10 foizigacha bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yil oxiriga kelib bu ko‘rsatkich 2–3 foizga tushgan. Mutaxassislar buni janglar taktikasi o‘zgarishi va frontga jalb qilinayotgan oddiy askarlar sonining ko‘payishi bilan izohlamoqda.
«Mediazona» va «Meduza» nashrlari meros ishlari reyestri ma’lumotlari asosida olib borgan alohida hisob-kitoblarga ko‘ra esa, Ukrainadagi urushda halok bo‘lgan rossiyalik harbiylar soni taxminan 352 ming nafarga yetgan bo‘lishi mumkin.












