Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Chilonzor tumani bo‘limi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Olmazor tuman TET elektromontyori Sh.Sh. fuqaro M.M.ga tegishli xonadon hududidagi novvoyxonani elektr tarmoqlariga ulab berish va tegishli hujjatlarni rasmiylashtirishni va’da qilib, 5 300 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, departamentning Hazorasp tumani bo‘limi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda tuman elektr ta’minoti korxonasi bosh muhandisi R.S. ham qo‘lga olingan.
Aniqlanishicha, u “B.A.” fermer xo‘jaligi rahbari G‘.A.ning yer maydonidagi past kuchlanishli transformatorni yuqori kuchlanishli transformatorga almashtirib berish evaziga 7 million so‘m olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.











