Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘limi hamda Soliq qo‘mitasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda yirik miqdordagi byudjyet mablag‘larini talon-toroj qilish holati fosh etildi.
Aniqlanishicha, E.P., M.M. va E.S. MChJ mas’ul shaxslari o‘zaro til biriktirib, go‘yoki 322,4 mlrd so‘mlik mahsulotlar yetkazib berilgani haqida soxta ma’lumotlarni rasmiylashtirgan.
Shuningdek, ular nazorat-kassa mashinalari orqali savdo amalga oshirilgandek ko‘rsatib, fuqarolar nomiga 3 363 ta soxta xarid cheki rasmiylashtirgan. Mazkur cheklar asosida ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan fuqarolarga Soliq Mobile ilovasi orqali “keshbek” to‘langani ko‘rsatilib, 1,4 mlrd so‘m byudjyet mablag‘i talon-toroj qilingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) hamda 228-moddasi (hujjatlarni qalbakilashtirish va ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda ish bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.











