Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasining «Rishton» chegara bojxona posti orqali qo‘shni davlatdan kirib kelayotgan fuqaroning xatti-harakatlari bojxona xodimlarida shubha uyg‘otgan. Shundan so‘ng u belgilangan tartibda shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilgan.
Tekshiruv davomida fuqaro ichki kiyimiga yashirib olgan, deklaratsiyalanmagan va tegishli hujjatlari mavjud bo‘lmagan 23 dona qadoqdagi jami 950 ga yaqin «Tawon Liar» nomli dori vositasini bojxona nazoratidan yashirincha olib kirishga uringani ma’lum bo‘lgan.
Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, mazkur dori vositasi tarkibida giyohvandlik vositalari ro‘yxatiga kiritilgan «tapentadol» moddasi mavjudligi aniqlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.











