Departamentning Jizzax viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Sharof Rashidovtumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi gazchilari J.A. va G‘.X. o‘zaro til biriktirib, fuqaro D.I.ni aldagani aniqlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, ular fuqaroga go‘yoki xonadonidagi tabiiy gaz hisoblagichi buzilganligini aytib, ushbu holat yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirmasliklari evaziga 10 mln so‘m talab qilgan. Shuningdek, ular muqaddam 5 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.
Tadbir davomida gazchilar tomonidan olingan 5 mln so‘m pul mablag‘ining qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirildi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.











