Nizomga muvofiq, akademiyada oliy ta’limdan keyingi ta’lim quyidagi shakllarda amalga oshiriladi: tayanch doktorantura, doktorantura va mustaqil izlanuvchilik.

Qabul jarayonlari Yagona elektron tizim yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali amalga oshiriladi. Tayanch doktorantura va doktoranturaga hujjatlar har yili 15 sentabrdan 15 oktyabrga qadar qabul qilinadi.

Kirish imtihonlari har yili 1 noyabrdan 25 noyabrga qadar o‘tkaziladi. Tanlov 100 ballik baholash tizimi asosida ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda talabgorlar mutaxassislik fanlaridan imtihon (yozma, og‘zaki yoki test shaklida) topshiradi. Ikkinchi bosqichda esa dissertatsiya rejasining mufassal loyihasini taqdim etadi.

Kirish imtihonlari natijalari imtihonlar yakunlangandan so‘ng akademiyaning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.