Oliy ta’lim muassasalariga ikkinchi va undan keyingi oliy ma’lumot olish istagidagi nomzodlar hujjatlarini faqat elektron shaklda topshirishi mumkin.

Onlayn ariza yuborish uchun quyidagi hujjatlar talab etiladi:

  • fuqarolik pasporti yoki ID-karta ma’lumotlari;

  • bakalavr diplomi va uning ilovasining elektron nusxasi;

  • o‘qish istalgan oliy ta’lim tashkiloti hamda ta’lim yo‘nalishi haqidagi ma’lumot.

Shuningdek, 1992 yil 1 yanvardan keyin xorijiy davlatlar oliy ta’lim muassasalari tomonidan berilgan diplomlar belgilangan tartibda nostrifikatsiyadan o‘tkazilgan bo‘lishi shart.

Qabul parametrlari va kvotalar har bir oliy ta’lim muassasasi tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi. Bunda universitet yoki institutning ilmiy-pedagogik salohiyati hamda moddiy-texnik bazasi inobatga olinadi.

Ma’lum qilinishicha, ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limda o‘qish to‘liq to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Nomzodlar hujjatlarini 2026 yil 10 avgustga qadar (shu kuni ham) my.edu.uz platformasi orqali taqdim etishi mumkin.