Loyihaga ko‘ra, kasbiy ta’lim tashkilotlari pedagoglari xorijiy guruhlarda (rus guruhlar bundan mustasno) xorijiy tilda umumkasbiy va maxsus fanlarni o‘qitgan taqdirda, ularning lavozim maoshiga nisbatan qo‘shimcha ustama to‘lanishi mumkin.
Xususan, B2 darajadagi sertifikat uchun — 50 foiz, C1 darajadagi sertifikat uchun esa — 100 foiz miqdorida har oylik ustama belgilash nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, loyihada hujjatdagi “professional” atamasini “kasbiy” so‘zi bilan almashtirish, ta’lim bosqichlari nomlanishini yangilash hamda sertifikatlar ro‘yxatini kengaytirish kabi o‘zgartirishlar ham taklif etilgan.
Jumladan, musiqa madaniyati va jismoniy tarbiya fanlari o‘qituvchilari uchun bilim darajasi va kasbiy mahoratini baholovchi milliy sertifikatlarni ro‘yxatga kiritish rejalashtirilgan. Ushbu sertifikatlar uchun eng kam daraja B+ etib belgilanishi nazarda tutilmoqda.
Mazkur o‘zgartirishlar umumiy o‘rta ta’lim maktablari hamda kasbiy ta’lim tizimida malaka va rag‘batlantirish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan.











