Qayd etilishicha, maktab rahbariyati yoki boshqa mansabdor shaxslar tomonidan pedagoglarni attestatsiya natijalariga ko‘ra ishdan bo‘shatish bilan bog‘liq talablar qo‘yilishi qonunchilikka mutlaqo zid hisoblanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 17 sentabrdagi 572-son qarori bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq, navbatdan tashqari attestatsiyada qatnashib, undan o‘ta olmagan pedagoglarning malaka toifasi tushirilmaydi va ularga amaldagi toifa bo‘yicha ish haqi to‘lash davom ettiriladi.
Shuningdek, bunday holatlarda pedagoglar bilan mehnat shartnomasini bekor qilish uchun hech qanday qonuniy asos mavjud emasligi ta’kidlandi.
Faqat ayrim holatlarda, ya’ni oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan va mutaxassis lavozimida ishlayotgan pedagoglar majburiy attestatsiyadan o‘ta olmagan taqdirda, mehnat shartnomasi belgilangan tartibda bekor qilinishi mumkin.
Bunda ham xodimga navbatdan tashqari attestatsiyada ketma-ket ikki marta ishtirok etish huquqi beriladi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi pedagoglarning huquqlari buzilgan taqdirda ishonch telefonlari va maxsus botlar orqali murojaat qilish mumkinligini ma’lum qildi. Murojaat qilgan shaxslarning ma’lumotlari sir saqlanishi kafolatlanadi.











