Loyihaga ko‘ra, respublikadagi barcha davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlarida faoliyat yurituvchi pedagog xodimlar har yili davriy tibbiy ko‘rikdan o‘tishi majburiy hisoblanadi.

Shuningdek, davlat ta’lim tashkilotlarida bevosita bolalarga ta’lim va tarbiya berish bilan band bo‘lgan pedagoglar tibbiy ko‘rikdan O‘zbekiston davlat budjeti mablag‘lari hisobidan, kafolatlangan tibbiy xizmatlar doirasida o‘tkazilishi belgilanmoqda.

Nodavlat ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan pedagoglar esa tibbiy ko‘rikdan tashkilot mablag‘lari hisobidan, tegishli litsenziyaga ega davlat yoki nodavlat tibbiyot muassasalarida o‘tkazilishi nazarda tutilgan.

Loyihada pedagoglarni majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni tashkil etish ish beruvchining zimmasiga yuklatilishi ham ko‘rsatilgan. Shu bilan birga, pedagog tibbiy ko‘rikdan o‘tayotgan vaqtda uning ish joyi (lavozimi) va o‘rtacha ish haqi saqlanib qoladi.