Qayd etilishicha, yangilangan tartibga ko‘ra qabul jarayonidagi asosiy yangiliklar quyidagilar:
Kunduzgi ta’limga qabul bo‘yicha yangi tartib
Akademiyaning bakalavriat dasturi bo‘yicha kunduzgi ta’lim shakliga qabul kvotasining 80 foizi bo‘yicha faqat idoraviy akademik litseylar, harbiy akademik litseylar bitiruvchilari, shuningdek, ichki ishlar organlari xodimlari qabul qilinishi belgilandi.
Bunda «Raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati» ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha qabul istisno ekani qayd etilgan.
Masofaviy ta’lim joriy etiladi
2025-2026 o‘quv yildan boshlab Akademiyada ichki ishlar organlarida kamida 3 yil ish stajiga ega bo‘lgan xodimlar uchun masofaviy ta’lim shakli joriy etiladi.
Masofaviy ta’lim muddati:
- oliy ma’lumotga ega bo‘lmaganlar uchun — 4 yil;
- oliy ma’lumotga ega bo‘lganlar uchun — to‘lov-kontrakt asosida 3 yil etib belgilanadi.
Sertifikatlar bo‘yicha imtiyozlar
Matematika, fizika va kimyo fanlaridan milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikatga ega nomzodlarga mazkur fanlar bo‘yicha sinovlarda belgilangan tartibda maksimal yoki proporsional (tabaqalashtirilgan) ball berilishi ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, 2024 yil 1 martga qadar umumta’lim fanlari bo‘yicha berilgan milliy sertifikatlar uchun sertifikat olingan paytda amalda bo‘lgan imtiyoz tatbiq etilishi qayd etilgan.
IT-sertifikatlar uchun qo‘shimcha ball va 2-kursga to‘g‘ridan to‘g‘ri qabul
Nufuzli xalqaro professional darajadagi IT-sertifikatga ega bo‘lgan va «Raqamli texnologiyalar» yo‘nalishiga hujjat topshirgan nomzodlarga matematika, informatika va axborot texnologiyalari fanlari bo‘yicha to‘planishi mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 30 foizi miqdorida qo‘shimcha ball berilishi belgilangan.
Maxsus kasbiy tanlov va yakka tartibdagi suhbat natijalariga ko‘ra eng yuqori ball to‘plagan bitta nomzod mazkur yo‘nalishning 2-kursiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qilinishi aytilgan.
Informatika imtihonida amaliy topshiriqlar soni oshirildi
Informatika va axborot texnologiyalari fanidan biletlarda 1 ta nazariy savol, 2 ta amaliy topshiriq bo‘lishi belgilandi.
Tayyorlanish uchun 30 daqiqa vaqt berilib, komissiya a’zolari tomonidan 60 ballik tizimda baholanishi ko‘rsatilgan.
Yoshga oid talabda o‘zgarish
Qator bandlardagi “qabul yilida 41 yoshga to‘ladigan” iborasi “40 yoshdagi” iborasi bilan almashtirilgani ma’lum qilingan.











