Prezidentning qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari bilan muloqotida ta’kidlanishicha, respublika bo‘ylab 3 mingdan ziyod fermer gektaridan o‘rtacha 50–60 sentner, ularning 1,5 mingga yaqini esa 70 sentner atrofida hosil olib, paxtachilikda o‘z “tajriba maktabi”ni yaratdi.
G‘alla yetishtirishda ham yuqori ko‘rsatkichlarga erishildi: yangi mahalliy navlar va biotexnologiyalar asosida 8 million 400 ming tonna xirmon yaratildi, o‘rtacha hosildorlik gektariga 85 sentnerga yetdi. Bu ko‘rsatkichga erishishda har bir gektardan 100 sentnerdan hosil olgan 3,5 mingdan ziyod g‘allakor fermerning hissasi alohida qayd etilmoqda.
Sholikorlar 268 ming gektar maydonga sholi ekib, 1 million 340 ming tonna hosil oldi, o‘rtacha hosildorlik gektariga 50 sentnerni tashkil etdi. Suv tanqisligi sharoitida 35 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalar qo‘llanilgani va 45 ming gektarda sholi ko‘chat usulida ekilgani natijasida 350 million kub metrga yaqin suv tejalgani ta’kidlanmoqda.











