Uchrashuv avvalida davlat rahbari Holid al-Ananiyni yuksak lavozimga saylangani bilan tabriklab, unga kelgusi faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi. Yangi saylangan bosh direktor o‘z navbatida prezidentga YuNeSKOning bosh tadbiri qo‘llab-quvvatlangani va yuksak saviyada tashkil etilgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Tomonlar O‘zbekiston va YuNeSKO o‘rtasidagi tizimli, sermahsul hamkorlik keng qamrovli yo‘nalishlarni o‘z ichiga olayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Tashkilotning mamlakatdagi loyihaviy faoliyatini kengaytirish, qo‘shma dastur va tashabbuslarni amaliy ijroga yo‘naltirish borasida sa’y-harakatlarni yanada faollashtirishga tayyorlik tasdiqlandi.

YuNeSKO Bosh konferensiyasining ochilish marosimida O‘zbekiston prezidenti tomonidan ilgari surilgan strategik tashabbuslarni hamkorlikda amalga oshirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.