Safar davomida delegatsiya Budapeshtdagi Korvinus universiteti rektori Bruno van Pottelsberge va Vengriya qishloq xo‘jaligi va tabiiy fanlar universiteti (MATE) rektori Chaba Dyuricha bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Asosiy e’tibor ikki mamlakat o‘qituvchilari va talabalari o‘rtasidagi qo‘shma ta’lim dasturlari, ilmiy tadqiqotlar va tajriba almashinuvini rivojlantirishga qaratildi.

Korvinus universiteti rektori Bruno van Pottelsberge bilan qishloq xo‘jaligi va agrobiznes sohasida qo‘shma ta’lim dasturini yaratish istiqbollari muhokama qilindi. Hamkorlik doirasida Vengriya ekspertlari ishtirokida Toshkent davlat agrar universiteti talabalari uchun venger tili kurslarini tashkil etish, shuningdek, suv resurslarini boshqarish va veterinariya sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish rejalashtirildi.

MATE bilan akademik hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekistonlik o‘qituvchilar ushbu universitetda ilmiy stajirovka o‘tashi, qo‘shma tadqiqotlarda ishtirok etishi va natijalarni xalqaro ilmiy jurnallarda e’lon qilishi mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, TDAU professorlarini ushbu universitet tomonidan o‘tkaziladigan xalqaro konferensiyalarga lektor va ma’ruzachi sifatida taklif qilish ko‘zda tutilgan.

Muzokaralarning muhim qismi 2023 yilda yo‘lga qo‘yilgan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat texnologiyalari bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturini kengaytirish masalasi bo‘ldi. Vengriyada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar sonini oshirish rejalashtirilmoqda.