Fransiya hukumati Yevropa Ittifoqi Rossiya tomonidan G‘arb sanksiyalariga zid ravishda neft sotish uchun foydalanilgan «soya floti»ning bir qismi deb hisoblagan Boracay tankeri ekipajining ikki a’zosini hibsga oldi. Bu haqda 1 oktyabr, chorshanba kuni Fransiyaning Brest shahri prokurori Stefan Kellenbergerga asoslanib, AFP axborot agentligi xabar berdi.

Xabar qilinishicha, qo‘lga olinganlar o‘zlarini kema kapitani va birinchi yordamchisi deb tanishtirgan.

Benin bayrog‘i ostidagi Boracay tankerining harakatlarini tahlil qilgan jurnalistlar u 22-25 sentabr kunlari Daniya qirg‘oqlari yaqinida bo‘lganini aniqladi. 22 sentabrdan so‘ng Daniya osmonida noma’lum dronlar, jumladan qirollikdagi harbiy obektlar ustida ham kuzatilgan. Natijada mamlakatdagi bir qancha aeroportlar yopildi, 29 sentabrdan 3 oktyabrgacha Daniyada fuqarolik dronlari parvoziga taqiq joriy etildi.

1 oktyabr kuni Fransiyaning RFI nashri, shuningdek, Rossiyaning «soya floti»ga tegishlilikda gumon qilinayotgan, Pushpa va Kiwala nomi bilan ham tanilgan Boracay tankeri yaqinda Daniya uzra uchuvchisiz uchoqlar parvoziga aloqadorlikda gumon qilinayotgani haqida xabar berdi.