Viza markazlari va konsalting firmalar faoliyatida davlat tiliga rioya qilinmayotgani yuzasidan Raqobat qo‘mitasiga fuqarolardan ko‘plab e’tirozlar kelib tushmoqda.
Qo‘mita xabariga ko‘ra, Qashqadaryo viloyatidan bir fuqaro VFS Global vakolatxonasi xizmatlarida (ovozli menyu, operatorlar, hujjatlar) davlat tili qo‘llanilmayotgani, ish yuritish hujjatlari faqat rus va ingliz tillarida bo‘layotganidan noroziligini bildirgan.
“Davlat tili haqida”gi qonun talablaridan kelib chiqib, qo‘mita bu holat bo‘yicha kompaniyaga tegishli choralar ko‘rish va 10 kun ichida javob taqdim etish yuzasidan rasmiy murojaat yubordi.
O‘zbekiston Respublikasida o‘zbek tili davlat tili bo‘lib, “Davlat tili haqida”gi qonun va boshqa qonun hujjatlari bilan uning qo‘llanishi qat’iy tartibga solingan.
“Qo‘mita tomonidan ushbu holat bo‘yicha belgilangan tartibda chora-tadbirlar ko‘rilmoqda hamda davlat tilida iste’molchilarga to‘liq va tushunarli axborot taqdim etilishini ta’minlash masalasi nazoratga olingan”, – deyiladi iste’molchilar huquqini himoya qilish sohasidagi vakolatli organning axborotida.
Avvalroq, iyul oyida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida VFS Global'ning mintaqaviy direktori bilan uchrashuv o‘tkazilgandi.











