Saudiya Arabistoni Haj va Umra vazirligi berilgan kundan boshlab 365 kun (1 yil) davomida amal qiladigan yangi ko‘p martalik Umra vizasini joriy qildi. Ma’lum qilinishicha, ushbu viza egalariga yil davomida umumiy hisobda 90 kungacha qolish sharti bilan Saudiyaga bir necha bor kirish imkonini beradi.
Yangi vizada 90 kunlik qolish muddati – jamlanib boruvchi tartibda hisoblanadi. Ziyoratchi har safar kelganida, Qirollikda o‘tkazgan kunlari soni umumiy qoldiqdan chegirib tashlanadi.
Vizadan foydalanishning bir qancha shartlari bor. Xususan:
- har bir tashrif uchun «Nusuk» platformasidagi rasmiy tasdiqlangan provayderdan xizmatlar paketini sotib olish talab etiladi. Bunda paketning davomiyligi vizada qolgan kunlar sonidan oshmasligi kerak;
- Saudiyaga kirish ziyoratchi kelishidan oldin «Nusuk» ilovasi orqali Umra ruxsatnomasini rasmiylashtirganiga qarab ruxsat etiladi;
- bir yillik viza ziyoratchi Saudiyadan har safar chiqib ketgach vaqtincha faolsizlantiriladi. Ziyoratchi yuqoridagi shartlar orqali Umra ruxsatnomasi olgach (belgilangan tartib-qoidalar bajarilgandan so‘ng) viza qayta faollashtiriladi.
Haj va Umra vazirligining ta’kidlashicha, mazkur viza safarlarni rejalashtirishda moslashuvchanlikni oshiradi hamda ziyoratchining butun safari davomida raqamli va amaliy xizmatlar integratsiyasini qo‘llab-quvvatlaydi.
Ushbu viza har yili bo‘ladigan Haj mavsumida – 2 hafta davomida amal qilmaydi. Saudiya rasmiylari viza narxi borasida ma’lumot bermagan.
Ma’lumot uchun, Saudiya Arabistoni 2023 yil 6 avgustdan O‘zbekiston va Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlar uchun ham onlayn viza olish imkoniyatlarini ochgan. Xususan, o‘zbekistonliklar sayyohlik va umra vizalarini mustaqil olishi mumkin.











