Raqobat qo‘mitasi tomonidan olib borilgan o‘rganishlar davomida bloger N.Sobirovning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida alkogolli ichimliklar reklamasi joylashtirilganligi aniqlandi, deb xabar berdi qo‘mita axborot xizmati.

Ta’kidlanishicha, «Reklama to‘g‘risida»gi qonunning 38-moddasiga muvofiq, har qanday quvvatdagi alkogolli ichimliklarning reklamasi taqiqlangan bo‘lib, faqat pivo, tabiiy va ko‘piklanadigan vinolarni qonunchilikda belgilangan vaqt, shakl va auditoriyaga oid cheklovlarga rioya qilingan holda reklama qilishga yo‘l qo‘yiladi.

Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda alkogolli ichimliklar reklamasini har qanday shaklda tarqatish taqiqlangan.

“Reklama qilinishi qonunchilik bilan taqiqlangan mahsulotni reklama qilganligi uchun bloger N.Sobirov belgilangan tartibda ma’muriy javobgarlikka tortilib, tegishli hujjatlar sudga yuborildi”, deyiladi xabarda.