Tehron josuslikda gumonlanib Eronda uch yildan ortiq qamoqda saqlanayotgan ikki fransuz fuqarosi, 40 yoshli Sesil Koler va uning sherigi 72 yoshli Jak Parini Isroil milliy razvedka xizmati - "Mossad" uchun ishlaganlikda aybladi. Bu haqda 2 iyul, chorshanba kuni fransuzlarga yaqin doiralar va diplomatik doiralardagi manbaga tayanib, AFP agentligi xabar berdi.
Ular josuslikdan tashqari «rejimni ag‘darishga fitna uyushtirish» va «korrupsiya»da ham ayblanmoqda. Islom Respublikasida uchta jinoyatning har biri o‘lim bilan jazolanadi.
«Bu ayblovlar, - agar ular hali tasdiqlansa, - mutlaqo asossizdir», - dedi diplomatik manba.
Sesil Kolerning singlisi aytishicha, sudya har uchala ayblovni e’lon qilgan. 1 iyul, seshanba kuni fransuzlarning oldiga Fransiyaning Tehrondagi elchixonasi muvaqqat ishlar vakili tashrif buyurdi.
Koler va Pari 2022 yilning may oyida Eronda qo‘lga olingan. Ular Tehrondagi Evin qamoqxonasida bir kishilik kamerada saqlangan. 23 iyun kuni Isroil qamoqxonaga zarba berganidan beri ularning joylashuvi oshkor etilmagan.











