Odessa oblastining uchta portida RF bilan urush boshlanishidan oldin yuklangan va Ukraina g‘allasi bo‘lgan 16 ta kema qolmoqda. Bu haqda Ukraina infratuzilma vaziri o‘rinbosari Yuriy Vaskov 1 avgust, dushanba kuni DW’ga bergan intervyusida ma’lum qildi. U bu kemalar yaqin ikki hafta ichida jo‘natilishi va tez orada yana uchtasi tovar uchun yetib kelishiga umid bildirdi. 

1 avgust kuni Odessa portidan Ukraina doni bo‘lgan birinchi yuk kemasi jo‘nab ketdi. «Ushbu birinchi partiya butun bozorga Ukraina yana jahon oziq-ovqat dasturlarida ishtirok etishiga va jahon oziq-ovqat xavfsizligi muvozanati tiklanishiga umid beradi. Demak, bu juda muhim», - dedi Odessa portining sobiq rahbari Vaskov DW bilan suhbatda.

Vazir o‘rinbosari yuk tashuvchi kemalar soni «kun sayin ortib borishiga» umid bildirdi. Sentyabrga kelib, eksport hajmini oyiga 6 million tonnaga yetkazish mumkin, deb hisoblaydi Yuriy Vaskov. 

Uning aniqlik kiritishicha, Qora dengizda minalar portlashi xavfi ostida xavfsizroq tashishni ta’minlash uchun kemaga maxsus qayiq hamrohlik qilgan. 

Makkajo‘xori ortilgan, Serra-Leone bayrog‘i ostidagi Razoni kemasi 1 avgust kuni ertalab dengizga chiqdi. Ukraina infratuzilma vaziri Aleksandr Kubrakovning so‘zlariga ko‘ra, u Livanga ketgan, buni Turkiya Mudofaa vazirligi tasdiqlagan. 

Istanbul don eksportini nazorat qilish markazi ma’lumotiga ko‘ra, yuk kemasida 26 ming tonnadan ortiq makkajo‘xori olib ketilmoqda. Markaz, shuningdek, Razoni 2 avgust kuni Turkiya hududiy suvlariga yetib kelishi kutilayotganini bildirdi. Tekshiruvdan so‘ng kema Tripoliga yo‘l oladi. 

Ukraina QK Harbiy-dengiz kuchlari matbuot markazi ta’kidlashicha, yuk kemasining o‘tishi sinov tarzida amalga oshirilayotgan bo‘lib, u Qora dengizdagi «don yo‘lagi» faoliyatini tekshirishga mo‘ljallangan. «Ushbu natijalarga ko‘ra, tegishli qarorlar qabul qilinadi», — deyiladi bayonotda.