Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari hamda O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida xalqaro qidiruvda bo‘lgan uch nafar shaxsni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilishga erishdi.

Tezkor-qidiruv tadbirlari davomida Turkiyaning Istanbul shahrida yashirinib yurgan xalqaro qidiruvdagi uch nafar shaxsning turgan joyi aniqlanib, ular qo‘lga olindi.

Jumladan, Samarqand viloyatida tug‘ilgan 28 yoshli shaxs jinsiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq og‘ir jinoyatni sodir etganlikda ayblanib xalqaro qidiruvga berilgandi.

Shuningdek, Buxoro viloyatida tug‘ilgan 34 yoshli shaxs firibgarlik jinoyatini sodir etganlikda ayblanib qidiruvda bo‘lgan.

Toshkent shahrida tug‘ilgan 50 yoshli shaxs esa yirik miqdordagi firibgarlik jinoyatini sodir etganlikda ayblanib xalqaro qidiruvga berilgan.

Qo‘lga olingan shaxslar belgilangan tartibda O‘zbekistonga olib kelinib, tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirildi.