“Sharmandali mahalla” va “Uyatli xonadon” tashabbusi hokimniki ekani ma’lum bo‘ldi. Toshkentdagi eng baland binoga piyoda 9 daqiqada chiqildi. Davlat tashkilotlarida o‘zbek tiliga rioya etish nazorati kuchaytiriladi. Qashqadaryoda Amir Temur muzey-yodgorlik majmuasi quriladi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.

“Sharmandali mahalla” va “Uyatli xonadon” tashabbusi hokimniki ekani ma’lum bo‘ldi

Toshkent viloyati Chinoz tumanida obodonlashtirilmagan mahallalarga “Sharmandali mahalla”, yaxshi qaralmagan uylarga “Uyatli xonadon” bannerining osilishi tashabbusi tuman hokimi Sherzod Solihovga tegishli ekani ma’lum bo‘ldi.

Hokim bu borada o‘ziga hech kim topshiriq bermagani, bu amaliyot hech qaysi mahallada joriy etilmagani, faqat ijtimoiy tarmoqqa chiqarish uchun videoga olinganini aytdi.

Solihov o‘z tashabbusidan maqsad “xalqni uyg‘otib, obodonlashtirishga chorlash”dan iborat bo‘lganini, hamma xato qilishini ta’kidlab, aybi bo‘lsa, uzr so‘rashini aytdi.

Toshkentdagi eng baland binoga piyoda 9 daqiqada chiqildi

Poytaxt Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi maxsus eksperiment o‘tkazib, qutqaruvchi Nest One binosi zinalaridan piyoda necha daqiqada eng yuqori qavatga ko‘tarilishini ko‘rsatdi.

Ma’lum bo‘lishicha, qutqaruvchi 51-qavatga ko‘tarilish uchun 9 daqiqa-yu 3 soniya vaqt sarflagan. Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi bu mazkur binoga piyoda ko‘tarilishda rekordligini bildirib, sportchi va blogerlarga chaqiruv tashladi.

Davlat tashkilotlarida o‘zbek tiliga rioya etish nazorati kuchaytiriladi

O‘zbekistonda davlat organlari va tashkilotlarida davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil etish hamda o‘zbek tili qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar belgilandi. Davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchilar qonunchilik ijrosini nazorat qilib, hujjatlar, tashqi yozuvlar va reklamalarning til me’yorlariga muvofiqligini o‘rganib boradi.

Maslahatchilar faoliyatini endi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti muvofiqlashtiradi va uslubiy jihatdan boshqaradi. Maslahatchilar tegishli tashkilot rahbari tomonidan Departament bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi va ozod etiladi.

Maslahatchilarning asosiy vazifalaridan biri davlat tili, geografik ob’yektlar va ma’naviy-ma’rifiy sohaga oid qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash bo‘ladi. Shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini lingvistik ekspertizadan o‘tkazish choralari ko‘riladi.

Qashqadaryoda Amir Temur muzey-yodgorlik majmuasi quriladi

Markaziy Osiyo tarixidagi yirik davlat arbobi Amir Temur sharafiga u tug‘ilgan Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida muzey-yodgorlik majmuasi barpo etiladi.

Tuman hokimligi xabariga ko‘ra, 7-avgust kuni Fanlar akademiyasi Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori, tarix fanlari doktori Xurshid Fayziyev va boshqa bir guruh mutaxassislar majmua qurilishi uchun taklif etilayotgan hududni ko‘zdan kechirgan, loyiha konsepsiyasi, me’moriy yechimlari va amalga oshirish mexanizmlarini muhokama qilgan.

Loyihaga ko‘ra, majmua markazida Amir Temur haykali o‘rnatiladi. Uning atrofida muzey, kutubxona, madrasa, mehmonxona, hunarmandchilik va zargarlik do‘konlari, milliy taomlar maskani, istirohat bog‘lari, favvoralar hamda tarixiy uslubdagi bosh kirish arkasi barpo etiladi.