Navoiyda sun’iy intellekt orqali «obodonlashtirilgan» mahalla bo‘yicha hokimlik uzr so‘radi. Xivadagi «Qovun sayli» festivali Ginness rekordlar kitobiga kiritildi. Jizzaxdagi ayanchli YTH oqibatida 2 kishi halok bo‘ldi. Raqobat qo‘mitasi biologik faol qo‘shimchalar dori emasligi haqida ogohlantirdi. Bo‘stonliqda tog‘da adashib qolgan 7 kishi qutqarildi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Xivadagi «Qovun sayli» festivali Ginness rekordlar kitobiga kiritildi

Xivadagi «Ichan qal’a» va «Arda Xiva» majmualarida o‘tkazilgan «Qovun sayli» festivali rekord bilan yakunlandi. Qayd qilinishicha, eng yorqin voqealardan biri «Eng katta qovun degustatsiyasi» bo‘yicha jahon rekordining o‘rnatilgani bo‘ldi.

Guinness World Records tomonidan berilgan rasmiy sertifikatga ko‘ra, rekord 2026-yil 9-avgust kuni Xiva shahrida qayd etildi. Unda 259 kishi bir vaqtda 10 dan ortiq qovun navini tatib ko‘rdi. Rekordni tasdiqlash jarayonida Guinness World Records rasmiy hakami, Turkiya va Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili Sheyda Subashi Gemiji ishtirok etdi.

Festivalda Xorazm viloyati tumanlari, yetakchi fermer xo‘jaliklari va boshqa ishtirokchilar o‘z stendlarida o‘nlab qovun navlarini, shuningdek, viloyat mahsulotlari, texnologiyalari va yutuqlarini namoyish etdi. Bu yilgi gastronomik va madaniy tadbirga 186 ming nafar mehmon, jumladan 150 ming mahalliy va 36 ming xorijiy sayyoh kelgani aytildi.

Jizzaxdagi ayanchli YTH oqibatida 2 kishi halok bo‘ldi

Jizzax viloyatining Zomin tumanida ayanchli yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi.

11-avgust kuni Alisher Navoiy mahallasi hududida, Jizzax-Ravot-Zomin-Savot avtomobil yo‘lida 1998-yilda tug‘ilgan F.E. Onix mashinasini boshqarayotib, yo‘lning qarama-qarshi tomonidan kelayotgan Volkswagen bilan to‘qnashgan. Volkswagen Toshkent shahrida yashovchi 28 yoshli A.R. boshqaruvida bo‘lgan. YTH oqibatida ikki mashina haydovchisi ham og‘ir tan jarohatlari olib, halok bo‘ldi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Onix haydovchisi boshqaruv paytida uxlab qolib, yo‘lning qarama-qarshi qismiga chiqib ketgani taxmin qilinmoqda.

Navoiyda SI orqali «obodonlashtirilgan» mahalla bo‘yicha hokimlik uzr so‘radi

Navoiy shahri hokimligi Hayot mahallasida amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlari haqidagi suratlarda sun’iy intellekt texnologiyasidan foydalanilganini tan oldi va uzr so‘radi.

Ma’lum qilinishicha, ijtimoiy tarmoqlarga materiallarni tayyorlash va joylashtirish jarayonida mas’ul xodimlar tomonidan «e’tiborsizlikka yo‘l qo‘yilgan». Mahalla hududidagi o‘zgarishlarni «ko‘rgazmali va sifatliroq formatda» taqdim etish maqsadida dizayn jarayonida sun’iy intellekt elementlaridan foydalanilgan hamda ushbu materiallar tekshiruvdan o‘tkazilmasdan e’lon qilingan.

Hokimlik ushbu holat va jamoatchilikning o‘rinli e’tirozlari uchun uzr so‘rab, materiallarni tayyorlashga mas’ul bo‘lgan xodimlar ogohlantirilganini ma’lum qildi.

Raqobat qo‘mitasi biologik faol qo‘shimchalar dori emasligi haqida ogohlantirdi

O‘zbekistonda biologik faol qo‘shimchalar (BFQ), malham, surtma, balzam, damlama va mineral suvlarni turli kasalliklarni davolovchi vosita sifatida targ‘ib qiluvchi reklamalar ko‘paymoqda. Raqobat qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, ayrim reklamalarda BFQ diabet, insult, gastrit, yurak-qon tomir, jigar, buyrak, artrit, gipertoniya va boshqa kasalliklarni davolashda samarali vosita sifatida ko‘rsatilmoqda. Bu esa iste’molchilarda mazkur mahsulotlarni dori vositasi sifatida noto‘g‘ri tushunishga sabab bo‘lishi mumkin.

Biologik faol qo‘shimchalarning asosiy vazifasi organizmning foydali moddalarga bo‘lgan kundalik ehtiyojini qondirishdan iborat. Ular dori vositasi emas va kasalliklarni davolash uchun mo‘ljallanmagan.

Raqobat qo‘mitasi reklama beruvchilar va reklama tarqatuvchilarni qonunchilik talablariga rioya qilishga, iste’molchilarni chalg‘ituvchi yoki asossiz ma’lumotlarni tarqatmaslikka chaqirdi.

Bo‘stonliqda tog‘da adashib qolgan 7 kishi qutqarildi

Toshkent viloyati FVBB tomonidan Bo‘stonliq tumanida tog‘li hududlarda adashib qolgan shaxslarni xavfsiz hududga olib chiqish bo‘yicha qutqaruv ishlari amalga oshirildi.

Xususan, Polvonak tog‘ida adashib qolgan 7 kishi hamda Oqtosh mahallasi hududidagi tog‘li joyda qolib ketgan 1 kishiga qutqaruvchilar tomonidan amaliy yordam ko‘rsatilgan. Ular xavfsiz hududga evakuatsiya qilingan. Jarohatlanganlar yo‘qligi bildirildi.

Vazirlik fuqarolardan tog‘li hududlarda harakatlanishda xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilishni, yo‘nalish va ob-havo sharoitini oldindan hisobga olishni so‘radi.