Toshkentdagi chorrahalar «Yashil to‘lqin» tizimi orqali tartibga solinadi. Rossiyada halok bo‘lgan o‘zbekistonliklarning jasadi vatanga qaytarildi. Surxondaryo hokimi transport sohasidagi muammolar va korrupsiya holatlari haqida gapirdi. Toshkentda haddidan oshgan mototsiklchilar jazolandi. Hokimliklarda korrupsion jinoyatlar keskin ko‘paygani ma’lum bo‘ldi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Toshkentdagi chorrahalar «Yashil to‘lqin» tizimiga ulanadi

Toshkentda transport harakatini yaxshilash maqsadida chorrahalardagi svetoforlar bosqichma-bosqich yagona «Yashil to‘lqin» tizimiga ulanadi. Dastlab Fitrat va Haydar Aliyev ko‘chalari kesishmasida svetofor ish rejimi qayta sozlanib, chorrahadan o‘tish vaqti 2 daqiqagacha qisqardi.

Yo‘l harakatini tashkil etish markazi mutaxassislari chorrahadagi vaziyatni kuzatishda davom etmoqda. Shuningdek, ertalabki va kechki tig‘iz vaqtlar uchun svetoforning alohida ish rejimlarini joriy etish rejalashtirilgan.

Keyingi bosqichda qo‘shni chorrahalardagi svetoforlar ham qayta sozlanib, ular yagona «Yashil to‘lqin» tizimiga ulanadi. Ushbu tizim ruxsat etilgan tezlikda harakatlanayotgan avtomobillarga bir nechta chorrahadan ketma-ket yashil chiroqda o‘tish imkonini berishi kutilmoqda. Bu transport vositalarining ortiqcha to‘xtashini kamaytirish va yo‘llardagi harakatni yanada ravonlashtirishga xizmat qiladi.

Rossiyada halok bo‘lgan o‘zbekistonliklarning jasadi vatanga qaytarildi

Ukraina dronlarining 10-avgust kungi Nijnekamsk shahriga uyushtirgan hujumi oqibatida halok bo‘lgan 8 nafar o‘zbekistonlikning jasadi 12-avgust kuni vatanga keltirildi. Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, buning uchun O‘zbekiston Harbiy havo kuchlari samolyoti maxsus reysni amalga oshirdi.

O‘zbekistonliklar 10-avgust kuni Nijnekamsk shahriga Ukraina tomonidan uyushtirilgan dron hujumlari vaqtida halok bo‘lgan edi. Ular qurilish sohasida ishlagan. Ularning jasadi qaytarilishidan oldin Nijnekamsk masjidlaridan birida janoza namozi o‘qildi.

Qurbonlardan tashqari, yana bir necha o‘zbekistonliklar turli darajada tan jarohatlari bilan shifoxonada qolmoqda.

Surxondaryo hokimi transport sohasidagi muammolar va korrupsiya holatlari haqida gapirdi

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Jarqo‘rg‘on tumanida o‘tkazilgan yig‘ilishda transport sohasini keskin tanqid qildi.

Jumladan u Surxondaryoni Toshkent bilan bog‘lovchi M-39 yo‘lining abgorligidan shikoyat qildi. Shuningdek, poyezdda sharoit yo‘qligi, sovitish tizimi ishlamayotgani tufayli vagonga chiqqan odam Toshkentga borguncha kasal bo‘lib qolayotganini, Sariosiyoga qatnaydigan shaharlararo poyezdlarda odam tashib bo‘lmasligini, transport prokurori bunga tomoshabin ekanini aytdi. Aviachiptalar narxi ikki baravar qimmatlaganini, «tanish-bilishsiz» bilet topib bo‘lmasligini ta’kidladi.

Hokim tumanlararo yo‘nalishlarda harakatlanadigan poyezdlarda yo‘lovchilar uchun munosib sharoitlar yaratish, Sariosiyo aeroporti va tumanlardagi temiryo‘l vokzallarining kutish zallarini tartibga keltirish, bir hafta ichida shaharlararo hamda Toshkentga qatnaydigan poyezdlarni to‘liq jihozlash topshirig‘ini berdi.

Toshkentda haddidan oshgan mototsiklchilar jazolandi

Toshkent shahrida 210 km/soat tezlikda harakatlangan mototsiklchiga jarima qo‘llandi. Uning mototsikli jarima maydonchasiga joylashtirildi.

Ma’lum qilinishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videodan so‘ng qidiruv bo‘limi xodimlari mototsiklchining shaxsini aniqlab, u bilan tushuntirish ishlarini olib borgan. Unga belgilangan harakat tezligini soatiga 60 kilometrdan ortiq kattalikda oshirish huquqbuzarligi bilan ma’muriy bayonnoma tuzilgan. Bunday huquqbuzarlik uchun BHM 15 baravari (6,1 mln so‘m) miqdorida jarima qo‘llanadi. Shuningdek, haydovchining mototsikli jarima maydonchasiga joylashtirilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda yana bir mototsiklchi YPX xodimining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan qochgani ko‘rinadi. U ushbu holatni tasvirga olgan va ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida e’lon qilgan.

Sud qaroriga ko‘ra, 26 yoshli I.M. holat yuzasidan tushuntirish xati olish va mototsiklni jarima maydonchasiga olib ketish uchun uyiga borgan IIB xodimlarining qonuniy talabini bajarmagan. Ularga faol qarshilik ko‘rsatib, ko‘chada baqir-chaqir qilgan holda jamoat tartibini buzgani aniqlangan. Sud qarori bilan unga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Hokimliklarda korrupsion jinoyatlar keskin ko‘paygani ma’lum bo‘ldi

2024-yilda mahalliy hokimliklarning 106 nafar xodimi korrupsion jinoyatlar uchun sudlangan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 497 nafarni tashkil etdi. Eng ko‘p korrupsiya sodir etiladigan hududlar ro‘yxatida Andijon viloyati birinchi o‘rinda bormoqda. Bu haqda Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmurodov ma’lum qildi.

2025-yilda respublika bo‘yicha sudlar tomonidan 7517 nafar shaxs korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bu – bir yil oldingidan (7354) 163 nafarga yoki 2,2 foizga ko‘p. 2025-yilda korrupsionerlar davlat manfaatlariga 2,9 trillion so‘mdan ortiq zarar yetkazdi. 2024-yilda bu ko‘rsatkich 2,81 trillion so‘mni tashkil etgandi.

Andijon viloyati korrupsion jinoyatlar bo‘yicha «yetakchilik»ni saqlab qolmoqda: 2024-yilda bu viloyatda 882 kishi korrupsiya uchun sudlangan bo‘lsa, 2025-yilda ularning soni 946 nafarga yetdi.